Tramp va Putin yana uchrashishi mumkin – Peskov
Olam
−
05 Sentabr 4962 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH rahbari Donald Tramp o‘rtasidagi ikkinchi muzokara raundi yaqin vaqt ichida bo‘lib o‘tishi mumkin. Bu haqda Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bugun, 5 sentyabr kuni “Argumenti i Fakti” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.
Unga ko‘ra, agar Prezidentlar zarur deb hisoblasa, xuddi Alyaskadagi singari uchrashuv qisqa muddatda tashkil etilishi mumkin. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, ishchi aloqalar yo‘lga qo‘yilgan va muntazam davom etmoqda.
Bir tomondan esa Tramp ham jurnalistlarga yaqin kelajakda Putin bilan suhbatlashmoqchi ekanini bildirgan.
Ma’lumot uchun, joriy yilning 15 avgust kuni AQSHning Alyaska shtatida Tramp va Putinning uchrashuvi bo‘lib o‘tgandi. Uchrashuv Toshkent vaqti bilan 16 avgust kuni soat 04:25 da yakunlandi. Alyaskada bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Tramp va Putin birgalikdagi matbuot anjumanida qatnashdi.
Matbuot anjumanidan oldin Putin va Tramp “uchga-uch” formatida taxminan 2 soat 45 daqiqa davom etgan muzokaralar o‘tkazdi. Tramp ko‘plab masalalar bo‘yicha kelishuvga erishilganini ta’kidladi, biroq Ukraina masalasida hali bitim yo‘qligini qayd etdi. Putin esa muzokaralarni foydali deb atab, Rossiya Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha ishlashga tayyorligini bildirdi. Davlat rahbarlari jurnalistlarning savollariga javob bermadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Dmitriy Peskov Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga jiddiy to‘sqinlik qilayotganini bildirgandi. Peskovning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Trampning qarashlari Yevropa davlatlaridan farqli ravishda ancha konstruktiv va u urush qilishdan ko‘ra savdo qilishni afzal ko‘radi. Peskov, shuningdek, Trampning yondashuvi Rossiya pozitsiyasining ayrim jihatlari bilan mos tushishini qayd etgan.
Live
Barchasi