Kreml Yevropaga jiddiy ayblov qo‘ydi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga jiddiy to‘sqinlik qilayotganini bildirdi. Bu haqda Kreml vakili bugun, 5 sentyabr kuni “Argumenti i Fakti” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Unga ko‘ra, Yevropa davlatlarining pozitsiyasi salbiy va ular har qanday muloqotni deyarli imkonsiz holatga keltirib, muzokaralarni yo‘qqa chiqarmoqda. 

Peskovning aytishicha, AQSH Prezidenti Donald Trampning qarashlari Yevropa davlatlaridan farqli ravishda “ancha konstruktiv va u urush qilishdan ko‘ra savdo qilishni afzal ko‘radi”. U, shuningdek, Trampning yondashuvi Rossiya pozitsiyasining ayrim jihatlari bilan mos tushishini qayd etgan. 

“Biz ham maqsadlarimizga imkon qadar, tinch yo‘l bilan erishishni istaymiz”, degan Peskov. 

Rossiyadan bunday ohangdagi bayonotlar yangrayotgan bir paytda, Yevropa Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida yig‘ilishlar o‘tkazmoqda. Masalan, kecha, 4 sentyabr kuni Parijda “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda 39 davlat vakillari ishtirok etdi. Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilishda 26 mamlakat Ukrainaga xavfsizlik kafolatlarini ta’minlash uchun o‘zining quruqlikdagi, dengizdagi yoki havo kuchlarini yuborishga tayyorligini bildirgan. Buyuk Britaniya hukumati esa koalitsiya a’zolari Kiyevga uzoq masofali raketalar yetkazib berishga rozilik bildirganini qo‘shimcha qilgan.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 sentyabr kuni Donald Tramp Yevropa yetakchilari bilan videoselektor yig‘ilishi chog‘ida ularni Rossiya neftini sotib olish orqali Ukrainadagi “urushni moliyalashtirayotganlikda” ayblagan va Moskvani ushbu daromad manbaidan uzib qo‘yishga, shuningdek, bu borada Xitoyga bosim o‘tkazishga chaqirgandi. Trampning ayblovlariga javoban Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen urush boshlanganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari tomonidan Rossiya neftini xarid qilish hajmi keskin kamayganiga ishora qilgan.

Bir tomonda esa haligacha Putin va Zelenskiyning uchrashuvi haqida aniq gap-so‘zlar yo‘q, muzokaralar so‘roq ostida. Mamlakat yetakchilari bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan shartlarni o‘rtaga tashlamoqda. Rossiya rahbari Vladimir Putin 3 sentyabr kuni to‘rt kunlik Xitoy safari yakunida, Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan Moskvada uchrashishga tayyorligini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy rozi bo‘lsa, muzokaralar Moskvada o‘tkazilishi mumkin. Shu bilan birga, u bunday tashabbus AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilganini ham qayd etgan. Ammo kutilganidek bu taklif Ukraina tomonidan keskin rad etildi. Ukraina Tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga X tarmog‘idagi sahifasida Putinning muzokara o‘tkazish uchun Moskvaga chorlovini qabul qilib bo‘lmaydigan taklif, deya atagan. Zelenskiyning o‘zi ham Putinning taklifini “amalga oshirib bo‘lmaydigan” ish deya baholagan va rad etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Evropa Ittifoqi Dmitriy Peskov ko'ngillilar koalitsiyasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing