Tramp va Putin telefon orqali gaplashdi

Olam

image

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin AQSH yetakchisi Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashdi. Bu haqda Rossiya Prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakov jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tramp yaqinda Rossiya tomonidan e’lon qilingan Pasxa otashkesimini ijobiy baholagan. Shu munosabat bilan Vladimir Putin amerikalik hamkasbini G‘alaba bayrami, ya’ni 9 may kuni ham otashkesim e’lon qilishga tayyorligi haqida xabardor qildi.

Yuriy Ushakovning qo‘shimcha qilishicha, respublikachi siyosatchi bu tashabbusni faol qo‘llab-quvvatlagan va mazkur bayramni “Ikkinchi jahon urushida natsizm ustidan erishilgan umumiy g‘alaba ramzi” deb atagan.

O‘tgan yili G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan Putin 8 may yarim tundan 11 may yarim tungacha otashkesim e’lon qilgan edi. Biroq Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitry Peskov Moskva Kiyev tomonidan “haqiqiy o‘t ochishni to‘xtatish” kuzatilmaganini bildirgan.

Bir yarim soatdan ortiq davom etgan telefon suhbatida Putin Trampga harbiy operatsiya hududidagi vaziyat haqida ham ma’lumot bergan. Uning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukraina Qurolli kuchlarini siqib chiqarmoqda.

Ushakovning ta’kidlashicha, tomonlar Kiyev Yevropa davlatlari qo‘llovi bilan mojaroni cho‘zishga harakat qilmoqda, degan fikrda yakdil bo‘lgan.

Shunga qaramay, Tramp Ukrainadagi mojaroni yakunlaydigan kelishuv yaqin ekaniga ishonmoqda. Vladimir Putin esa suhbat davomida harbiy operatsiya maqsadlariga baribir erishilishini ta’kidlagan.

Tomonlar boshqa siyosiy masalalarni ham muhokama qilgan, jumladan AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik. Putin otashkesim rejimini uzaytirish tarafdori ekanini bildirib, bu vaziyatni barqarorlashtirishga yordam berishini aytgan.

Shuningdek, u 25 aprel kuni Washington Hilton mehmonxonasida Trampga qarshi uyushtirilgan suiqasd urinishini qoralab, respublikachi siyosatchini qo‘llab-quvvatlashini bildirgan.

Putin va Tramp oxirgi marta 2025 yil 28 dekabr kuni telefon orqali muloqot qilgan edi. Yuriy Ushakovning aytishicha, o‘sha suhbat “do‘stona, ijobiy va ishchan ruhda” o‘tgan hamda tomonlar Ukraina mojarosini uzoq muddatli tartibga solishga o‘zaro qiziqish bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvada joriy yilning 9 may kuni bo‘lib o‘tadigan G‘alaba kuni paradi vaqti Ukrainaning “terror tahdidi” tufayli qisqartirilishi haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Yuriy Ushakov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing