Tramp va Netanyaxu G‘azodagi urushni to‘xtatishga kelishib oldi – OAV

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp va Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarni yaqin ikki hafta ichida tugatish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishdi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Israel Hayom” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Tramp va Netanyaxu Eronning yadro ob’ektlariga AQSH tomonidan uyushtirilgan aviazarbalar ortidan telefon orqali muloqot o‘tkazgan. Suhbat davomida ular mojaroni tartibga solish rejasining asosiy bandlari bo‘yicha kelishib olgan.

Manbaga ko‘ra, muzokaralar yopiq eshiklar ortida o‘tgan va unda Isroil va AQSH o‘rtasidagi harbiy-siyosiy muvofiqlashtirishning yangi bosqichi boshlangan.

Rasmiy tasdiq hozircha berilmagan, ammo Isroil matbuotining yozishicha, tomonlar kelgusi 14 kun ichida G‘azodagi to‘qnashuvlarni to‘xtatishga siyosiy irodasini bildirgan. 

Nashrning yozishicha, G‘azoda urush tugagach, sektor to‘rtta arab davlati, jumladan Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) va Misrga o‘tishi kutilmoqda.

Bu rejaga ko‘ra, G‘azo ustidan nazorat fuqarolik va xavfsizlik darajasida xalqaro va mintaqaviy ishtirokchilar tomonidan amalga oshiriladi, urushdan keyin esa mintaqada barqarorlik o‘rnatilishiga umid qilinmoqda.

Isroil OAVlariga ko‘ra, G‘azo bo‘yicha rejaning davomida Suriya va Saudiya Arabistoni ham “Ibrohim kelishuvlari” deb ataluvchi mintaqaviy tinchlik kelishuvlariga qo‘shilishi mumkin. Isroil esa buning evaziga falastinliklar bilan ziddiyatni ikki davlat prinsipi asosida hal etishga tayyor bo‘ladi – biroq bu Falastinda ichki islohotlar o‘tkazilishi sharti bilan amalga oshiriladi. 

Shuningdek, AQSH G‘arbiy Sohildagi yahudiylar yashaydigan ba’zi hududlar ustidan Isroilning qisman suverenitetini tan olishga tayyor. Bu hududlar orasida Iudeya va Samariya mintaqalari ham bor.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyun kuni tongda Isroil tomonidan G‘azo shahrining turli hududlariga va G‘azo janubida insonparvarlik yordamini kutayotgan fuqarolar to‘plangan joylarga uyushtirilgan havo hujumlari oqibatida kamida 24 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp G'azo Bin'yamin Netan'yaxu

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing