Tramp o‘zi joriy qilgan bojlar sabab 500 mln dollarga “kambag‘allashdi”
Olam
−
08 aprel
3066AQSH Prezidenti Donald Trampning boyligi 2 apreldan keyin – u yangi savdo bojlarini joriy qilganidan so‘ng 500 million dollarga kamaydi. Bu haqda “Forbes” nashri xabar berdi.
“Minglab odamlar zarar ko‘rdi, jumladan, Trampning o‘zi ham. O‘tgan haftada Donald Tramp global savdo urushida birinchi “o‘qlarni” otib, o‘ziga ham zarar yetkazdi. 2 aprel kuni u keng ko‘lamli bojlar joriy qilish rejasi haqida e’lon qilganida “Forbes” uning boyligini 4,7 milliard dollar deb baholagan edi. Oradan bir haftadan kam vaqt o‘tib, bu raqam 4,2 milliard dollarga tushdi”, deyiladi xabarda.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Trampning eng katta moliyaviy yo‘qotishlari Trump Media and Technology Group kompaniyasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu kompaniya aksiyalari so‘nggi uch savdo kunida 8 foizga arzonlashib, oktyabrdan beri eng past darajaga tushgan. Shuningdek, Trampning ko‘chmas mulk portfeli qiymati 660 million dollardan 570 million dollarga kamaygan.
Shuningdek, Trampning golf mahsulotlari va kurort xizmati bilan bog‘liq aktivlari ham zarar ko‘rgan.
Eslatib o‘tamiz, 2 aprel oqshomida Oq uy bog‘ida chiqish qilgan Tramp AQSHga import qilinadigan mahsulotlarning aksariga 10 foizlik tariflar, Xitoy uchun esa qo‘shimcha 34 foizlik, Yevropa Ittifoqi uchun esa 20 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Oqibatda AQSHning import bo‘yicha o‘rtacha boj stavkasi 2024 yildagi 2,5 foizdan 22 foizga oshdi – bu ko‘rsatkich oxirgi marta 1910 yillar atrofida kuzatilgan.
Shundan so‘ng, 3 aprel kungi savdo boshida S&P 500 indeksi 4 foizdan ko‘proqqa, Nasdaq – 4,9 foiz, Dow Jones – 3,7 foizga, kichik kapitalizatsiyali kompaniyalarni o‘z ichiga olgan Russell 2000 indeksi esa deyarli 7 foizga quladi. Apple aksiyalari ham 9,5 foizga tushib ketdi.
Osiyo-Tinch okeani mintaqasi fond bozorlari o‘tgan hafta AQSH Prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan tariflarga javoban shiddat bilan pasayishda davom etmoqda. Tinch okeani mintaqasining 13 mamlakatidan yirik va o‘rta kapitallashuvga ega kompaniyalarni o‘z ichiga olgan MSCI Asia Pacific indeksi 2008 yildan beri eng kuchli pasayishni ko‘rsatgan (-7,1 foiz), Yaponiyaning Nikkei 225 esa “ayiq bozori” zonasiga kirgan - ya’ni avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan 20 foiz yoki undan ko‘proqqa pasaygan.
LiveBarchasi