Garvardga xorijiy talabalar qabuli taqiqlanishi mumkin

Olam

image

Garvard universiteti AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining talablarini bajarmasa, xorijiy talabalarni qabul qilish huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.

Kecha, 16 aprel kuni AQSH Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem Garvard universitetiga ajratilgan jami 2,7 million dollardan ortiq qiymatdagi ikki grantni bekor qilganini e’lon qildi. U universitet rahbariyatidan joriy yil 30 aprelga qadar xorijiy talaba vizalariga ega shaxslar haqida hisobot taqdim etishni talab qildi.

Noemning bayonotiga ko‘ra, agar bu talablar bajarilmasa, Garvardning “Student and Exchange Visitor Program” – Talabalar va almashuv dasturlari bo‘yicha sertifikati qaytarib olinadi. “Reuters” izohiga ko‘ra, bu hujjat bekor qilinsa, universitet chet ellik talabalarni qabul qilish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.

Garvard vakili nashrga universitet AQSH Ichki xavfsizlik vazirining maktubini olganini tasdiqlagan. U Garvard prezidenti Alan Garberning jamoatchilik oldida Vashington talablariga bo‘ysunmasligini bildirganini eslatib, universitet barcha qonuniy talablarni bajarishga tayyorligini, biroq o‘z mustaqilligi va konstitutsiyaviy huquqlaridan voz kechmasligini ta’kidlagan.

“The Wall Street Journal” nashrining yozishicha, AQSH Moliya vazirligi Soliq xizmatiga murojaat qilib, Garvardni federal soliqdan ozod qiluvchi notijorat maqomidan mahrum etishni so‘ragan. Biroq nashrning qayd etishicha, bu jarayon qanday amalga oshirilishi hozircha noma’lum. AQSH soliq qonunchiligi Prezident yoki yuqori martabali amaldorlarga aniq soliq to‘lovchilarga nisbatan tekshiruv boshlab berishni to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita talab qilishni taqiqlaydi.

Ma’lumot uchun, Garvard va Tramp ma’muriyati o‘rtasidagi ziddiyat 2023-2024 yillardagi voqealarga borib taqaladi. O‘shanda universitet shaharchasida Isroilning G‘azo bo‘yicha harbiy operatsiyasi qoralangan norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tgan edi. Garvarddagi yahudiy talabalardan iborat bir guruh boshqa talabalar orasida antisemitizm kuchayganini aytib, universitet ustidan sudga murojaat qilgan. O‘sha paytda universitet prezidenti bo‘lgan Klodin Gey iste’foga chiqqan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 aprel kuni Donald Tramp Garvard universitetini federal moliyalashtirishdan mahrum qilish lozimligini aytganidan so‘ng AQSH federal hukumati universitetga berib kelingan 2,2 milliard dollardan ortiq grantlar va 60 million dollarlik shartnomalarni muzlatib qo‘ygandi. Tramp universitet rahbariyatini “radikal chap qanot vakillari, ahmoqlar va boshqalarga faqat muvaffaqiyatsizlikni o‘rgatadigan bo‘sh boshli odamlarni ishga olgani” uchun tanqid qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donald Tramp Garvard Alan Garber

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing