AQSHda samolyot quyon sababli yonib ketdi (video)
Olam
−
17 aprel 17916 1 daqiqa
Kecha, 16 aprel kuni AQSHning Denver shahrida United Airlines aviakompaniyasiga tegishli Boeing 737 samolyotining dvigateli quyon sabab yonib ketdi. Bu haqda ABC News xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa samolyot Denverdan Kanadaning Edmonton shahriga uchib ketayotganida bo‘lgan. Bu vaqtda layner bortida 153 yo‘lovchi va 6 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Samolyot salonidan olingan kadrlarda ko‘rinadiki, dvigatel yonib ketganidan keyin bortda vahima boshlanib ketgan.
Layner qaytadan Denver aeroportiga qo‘nishga majbur bo‘lgan, jabrlanganlar yo‘q. Yo‘lovchilar boshqa samolyotda Edmontonga jo‘natilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hodisa tergovi bilan AQSH Federal aviatsiya boshqarmasi shug‘ullanmoqda. Ekspertlarning aniqlik kiritishicha, ushbu voqea quyonning samolyot turbinasiga kirib qolishi bilan bog‘liq to‘rtinchi holat sanaladi.
Qolaversa, aviakompaniyaning o‘zi ham ushbu holatga quyon sababchi bo‘lganini tasdiqlagan.
“Denverdan Edmonton (UA2325) yo‘nalishidagi reysimiz hayvonlarning ehtimoliy hujumi muammosini hal qilish uchun Denverga eson-omon qaytib keldi”, deyiladi kompaniya bayonotida.
Hayvon qanday qilib dvigatel ichiga tushib qolganiga aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 aprel kuni AQSHda bortida Kongressning kamida uch nafar a’zosi bo‘lgan American Airlines aviakompaniyasiga tegishli samolyot Vashingtondagi Ronald Reygan nomidagi aeroportda ushbu kompaniyaning boshqa bir samolyoti bilan to‘qnashib ketgandi.