Tramp urushlarni to‘xtatsa, uning Nobel olishi uchun murojaat yo‘llaymiz – Lukashenko
Olam
−
08 noyabr
3762Agar AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Oq uyga qaytganidan so‘ng urushlarni tugatsa, u Nobel mukofotiga nomzodini ko‘rsatishi kerak bo‘ladi. Bu haqda Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko ma’lum qildi.
Uning eslatishicha, Tramp saylovoldi tashviqoti chog‘ida Ukrainadagi mojaroni hal qilishga va’da bergan.
“Agar u mojarolarni hal qila olsa, biz Nobel mukofoti uchun petitsiya yuboramiz”, degan Lukashenko.
U, shuningdek, Tramp o‘z va’dalarini bajarishiga umid bildirgan. Shu bilan birga, Lukashenkoga ko‘ra, hammasi AQSHning saylangan prezidentiga bog‘liq bo‘lmaydi. Ukrainadagi jangovar harakatlarga barham berish uchun kamida ikki tomonning ishtiroki zarur.
“Tramp Ukrainadagi urushni tugatishga harakat qiladi, ammo bu bir tomonlama muzokaralar emas, balki ko‘plab mamlakatlarga tegishli masala”, dedi Lukashenko.
Tramp Ukraina masalasini saylov kampaniyasi davomida asosiy masalalardan biriga aylantirdi. U, agar g‘alaba qozonsa, 2025 yil 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi reja qilingan inauguratsiyasidan oldin vaziyatni hal qilish rejalarini e’lon qiladi. Qo‘shma Shtatlarda birinchi ovoz berish natijalari e’lon qilinganidan so‘ng, g‘alaba nutqi bilan tarafdorlariga murojaat qilgan Tramp “barcha urushlarni to‘xtatish” niyatini bildirdi, biroq aniq tashabbuslarni ilgari surmadi.
Ma’lumot uchun, Tramp 2016 yilgi saylovda g‘alaba qozongan, ammo 2020 yilgi saylovda mag‘lub bo‘lgan. Shundan so‘ng, u 2020 yilgi saylovda keng ko‘lamli firibgarlik bo‘lganini da’vo qilib keladi. Ushbu da’volar 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliyga hujumga olib kelgan bo‘lib, Tramp tarafdorlari Prezident Baydenning g‘alabasini tasdiqlash jarayonini to‘xtatishga harakat qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Belarus fuqarosi Aleksandr Lukashenko respublikachi Donald Trampga Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti lavozimiga qaytishi munosabati bilan tabrik yo‘llagandi.
LiveBarchasi