Tramp unga qarshi ayblovlar o‘limga olib kelishidan ogohlantirdi
Olam
−
24 mart 2023
8399Bugun, 24 mart kuni AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp unga tegishli Trump Organization tashkiloti bilan bog‘liq moliyaviy firibgarlik ishi bo‘yicha ehtimoliy ayblov mamlakat uchun halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini aytdi. Bu haqda u o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozib qoldirdi.
“Qanday odam boshqasini, bu holatda AQSHning sobiq prezidentini, tarixdagi barcha prezidentlardan ko‘proq ovoz olgan va Respublikachilar partiyasi ilgari surayotgan yetakchi nomzodni ayblashi mumkin. Vaholanki, hech qanday jinoyat sodir bo‘lmaganini hamma biladi, shuningdek, bunday yolg‘on ayblov oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan o‘lim va falokat mamlakatimiz uchun halokatli bo‘lishi aniq. Buni faqat AQSHni chin dildan yomon ko‘radigan psixopat qila oladi”, deb yozgan Donald Tramp.
AQSH mahalliy nashrlari esa Tramp Nyu-York janubiy okrugi prokurori Alvin Bragga qarshi “qasos olish rejasi”ni ishlab chiqayotganini yozmoqda. Ularda aytilishicha, agar Tramp 2024 yilgi prezidentlik saylovlaridan so‘ng Oq uyga qaytsa, AQSH Adliya vazirligining Fuqarolik huquqlari bo‘limi Bragga nisbatan tergov o‘tkazishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Nyu-Yorkdagi katta hakamlar hay’ati sobiq pornografik aktrisa Stormi Deniyelsga pul to‘lashda Trump Organization tashkilotining moliyaviy hujjatlarini soxtalashtirish bilan bog‘liq holda Trampga qarshi ayblovlar qo‘yish imkoniyatini tekshirishda davom etmoqda. Aytilishicha, advokat Maykl Koen 2016 yilgi saylov kampaniyasi paytida 2006 yilda Trampga aloqadorligi haqidagi ma’lumotni tarqatmasligi uchun unga 130 ming dollar to‘lagan. Keyin Nyu-Yorkning janubiy okrugi prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, sarflangan pul unga Trump Organisation hisobidan to‘langan, buning uchun kompaniya hujjatlari soxtalashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 18 mart kuni Tramp Manxetten okrugi prokuraturasi tomonidan 21 mart kuni hibsga olinishi kutilayotganini aytgandi. Sobiq prezident hibsga olish to‘g‘risidagi qaror Manxetten okrugi prokurorining korrupsiyalashgan va nihoyatda siyosiylashgan idorasi tomonidan qabul qilinganini ta’kidlagandi. U hech qanday jinoyat qilmaganini bildirib, agar hibsga olinsa, tarafdorlarini kelajakdagi ayblovlarga qarshi norozilik bildirishga chaqirgandi. Shu kuni amerikalik tadbirkor Ilon Mask Twitter'dagi sahifasida Trampning hibsga olinishi uning 2024 yilgi saylovlarda qayta saylanishiga hissa qo‘shishini yozgan. 19 mart kuni esa sobiq prezident Trampni tergov qilayotgan Nyu-York okrugi prokurori Alvin Bragg qo‘rqitishga urinishlarga toqat qilmasligi va to‘liq tergov olib borishini e’lon qilgandi. Joriy yilning 22 mart kuni esa Nyu-York Bosh prokurori Letitsiya Jeymsning Donald Trampga qarshi da’vosi bo‘yicha tinglov boshlanishidan avval Quyi Manxetten sudiga bomba tahdidi haqida xabar berilgani ma’lum bo‘lgandi. Keyinchalik “Fox News” telekanalida Tramp hibsga olinishi haqidagi xabarlar fonida saylovoldi kompaniyasi uchun 1,5 mln dollar mablag‘ yig‘gani aytilgandi.
LiveBarchasi