Tramp Ukrainani Putinga sovg‘a qiladimi?

Tahlil

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Baydenning eshigini taqillatishni deyarli to‘xtatdi. Endi uni ko‘proq Tramp kabineti qiziqtirmoqda. Dunyo tarixida o‘chmas iz qoldirgan bu yilgi AQSH prezidentlik saylovlaridagi voqeliklar fonida Ukrainaning yashovchanligi endi Tramp va u boshchiligidagi respublikachilar qo‘liga o‘tishi mumkin. Har holda Trampga suiqasd kabi faktorlar biznesmenning imkoniyatlarini oshirib yubordi. Agarda Tramp joriy yildagi saylovda keyingi 4 yillik uchun saylangudek bo‘lsa, bu katta ehtimol bilan Ukrainaning kelajagi mavhumlik ortiga chekinishi va uning frontdagi ahvolini achinarli holatga tushirishi mumkin. Nega bunday xulosaga to‘xtalganimizni esa quyida atroflicha bayon qilamiz.

Trampning Ukrainadagi urushga munosabati

Bugun prezidentlikka da’vogar Donald Tramp, u tomondan potensial vitse-prezident etib tanlangan Jeyms Devid Vens va respublikachilarning ko‘pchiligi Ukraina va Zelenskiyga nisbatan biroz ziddiyatli qarashlarga ega. Qarshiliklar Ukrainaning Rossiya bosqiniga qarshi olib borayotgan kurashi tufayli emas, balki bu ishlarda AQSHdan qanday yordam olayotgani sabab shakllangan. Xususan, Donald Tramp Bayden ma’muriyati ukrainlarga yordamni shundoqqina tekinga emas, balki qarz evaziga taqdim qilishi lozimligini qat’iy ta’kidlab keladi. U shuningdek, Ogayo shtatining Vandaliya shahrida bo‘lib o‘tgan saylovoldi mitingi chog‘ida, Ukraina davlat rahbari har safar AQSHga tashrif buyurganida cho‘ntaklari to‘la pul bilan Vashingtonni tark etishga muvaffaq bo‘lishini kinoya qilgandi. Tramp Zelenskiyning bu uddaburonligini tasvirlashga harakat qilar ekan, uni “dunyodagi eng buyuk savdogar” deya tariflagandi.

2022 yil fevralida Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro boshlanganidan buyon Vashington Kiyevning asosiy qo‘llab-quvvatlovchisi bo‘lib, unga 113 milliard dollarga yaqin harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rsatdi. Oq uy, shuningdek, 2022 yilda  Rossiyaning qariyb 285 milliard dollarlik muzlatilgan aktivlarini musodara qilish va bu pullarni Ukraina foydasiga rasmiylashtirish variantlarini ko‘rib chiqayotgandi. Respublikachilar esa Qo‘shma Shtatlar mamlakat byudjetidan Ukrainaga qarata oqizilayotgan milliardlarni to‘xtatish uchun juda jiddiy kurashlar ham olib bordi. 2024 yilning ikkinchi choragida Bayden Kongressni Kiyevga 60 milliard dollarlik harbiy yordamni o‘z ichiga olgan jami 95 milliard dollarlik tashqi yordam loyihasini qabul qilishga undagandi. Bayden agar qonun loyihasi tasdiqlanmasa, Ukraina Rossiyaga yanada kattaroq hududni berib qo‘yishi mumkinligini aytgandi. Ammo ushbu loyiha o‘sha paytda Respublikachilarning qarshiligi tufayli Kongressda to‘xtab qolgandi.

Bundan tashqari, Trampning atrofidagilar ham Zelenskiyning AQSHdan olayotgan yordamlarini turli ko‘rinishlarda ham tanqid, ham masxara qilgan holda o‘z pozitsiyalarini ko‘rsatishdi. Masalan, respublikachilar ichidan Tramp tomonidan potensial vitse-prezident sifatida tanlangan Devid Vensni olaylik. U hatto o‘z vaqtida Ukraina masalasi AQSHning ishi emasligiga ham ishora qiluvchi gaplarni aytgan. Vens o‘zi qatnashgan podkastlarning birida Ukrainada nima sodir bo‘layotgani uni unchalik ham qiziqmasligini ta’kidladi. Bu esa Ukraina va Zelenskiy uchun juda qo‘rqinchli signaldir. O‘z navbatida Zelenskiyni masxara qilish xobbisiga aylanib ulgurgan kichik Donald Tramp ham Baydenning ketishi haqidagi rasmiy xabarlardan so‘ng Ukraina Prezidentining ustidan kulish uchun yaxshigina hajviy g‘oyalari borligini ko‘rsatdi. Xususan, u o‘zining X’dagi sahifasida Zelenskiyni yerga uruvchi achchiq hazilomuz post va montaj qilingan surat qoldirdi. Respublikachi nomzodning o‘g‘li X’ga Bayden uyali telefonining ekrani tasvirlangan skrinshotni joylashtirdi. Suratda Zelenskiyning 52 ta “o‘tkazib yuborilgan qo‘ng‘iroqlari”, shuningdek, bir nechta xavotirli “xabarlar”, ya’ni “pulim hali ham kelishda davom etadimi”, “men qo‘rqyapman”, “javob bering, iltimos” degan so‘zlarni keltirilgandi. U, shuningdek, AQSH Prezidenti Jo Baydenning saylovoldi tashviqotidan chiqishi Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiy uchun katta zarba bo‘lgani va hozir unga pul beradigan hech kim yo‘q, deya hazillashdi. Bundan tashqari, Tramplar oilasi Zelenskiyni oldin ham bir necha bor troll qilishgan va uni AQSHdan olayotgan yordamlari tufayli tilanchiga chiqarishgan edi. Ko‘plab respublikachilar, Donald Tramp va J.D Vens kabi yuqori darajali siyosatchilardan tashkil topgan blokning hokimiyat tepasidagi marraga yaqinlashib kelayotgani Ukraina elitasi uchun katta ehtimol bilan quvonchli yangilik emas. Chunki ularning frontdagi vaziyat va Zelenskiyning yordam masalasidagi harakatlariga nisbatan ijobiy fikrda emasligini yuqorida keltirib o‘tilgan faktlardan bilib olishimiz qiyin emas.

Tramp AQSHning navbatdagi prezidentimi?

4 ta rasmiy ayblov, bir necha 10 yillik qamoq jazosi tahdidi va axloqsiz aktrisa bilan munosabatlar, bularning barchasi Donald Trampning dunyo va mamlakat miqyosida to‘plagan obro‘sini chilparchin qilishi kerak edi. Biroq o‘z oila a’zolari, aniqrog‘i rafiqasi va o‘g‘illari tomonidan “jangchi” deya ta’riflanadigan Donald Tramp bu nomni oqladi. U juda oz muddat ichida o‘z holatini o‘nglab oldi va saylovoldi yo‘lakchasidagi sprintga qaytdi. Uning qarshisiga qo‘yilgan sun’iy shlagbaumlar birin-ketin olib tashlandi. “Jangchi” qisqa vaqt ichida prezidentlikka yana qaytadan saylanishi mumkinligini isbotladi. Ortda qolgan 30 kun ichida sodir bo‘lgan voqealarning barchasi aynan uning foydasiga ishladi. Masalan, 27 iyun kuni CNN telekanali tomonidan o‘tkazilgan teledebat Bayden va Tramp o‘rtasidagi prinsipial qarama-qarshilikdagi hal qiluvchi burilish nuqtasi bo‘ldi. Debat davomida ayyor Tramp naq 30 dan ortiq yolg‘on ishlatgan holda Baydenni yanchib tashladi. U bu bahs orqali butun demokratlar jamoasiga tushkunlik davrini sovg‘a qildi. Iyul oyining o‘rtalarida ro‘y bergan yil voqeligi esa Trampning Baydenni quvib o‘tishiga sabab bo‘ldi. Unga nisbatan uyushtirilgan suiqasd endilikda respublikachilarni poygada oldinga olib chiqqandi. So‘rovnomalar, tahlillar-u taxminlarning deyarli barchasi Trampning g‘alabasiga ishora qilayotgandi. Shu kundan boshlab Bayden demokratlar va ularning moliyaviy megadonorlari bosimi ostida qolib ketdi. 81 yoshli AQSH tarixidagi eng keksa prezident harchand urinmasin keng qarshiliklar oqimiga bardosh bera olmadi. Demokratlar ichida xaos boshlangandi va ular Baydenni o‘yindan chiqarishni bir amallab uddalashdi. Bu paytga kelib respublikachilar va ularning nomzodi Donald Tramp prezidentlik uchun yaqqol favorit bo‘lib olgandi. Ammo Bayden Kamola Harrisga yo‘l bergan holda o‘z vaqtida poygadan chiqishi vaziyatni biroz bo‘lsa-da demokratlar foydasiga o‘ngladi. Harris kompaniyasi 24 soat ichida rekord miqdordagi 81 million dollar xayriya to‘pladi. Harris nomzodini demokratlar tarixidagi eng muhim figuralar qo‘llab-quvvatladi. Dastlab Klintonlar oilasi, undan so‘ng esa biroz kech bo‘lsa-da, Obamalar ham telefon qo‘ng‘irog‘i orqali Kamolaga zafar tiladi. Endi faqat ba’zi rasmiyatchiliklar qoldi, xolos. Bu ham bo‘lsa, Kamola Harris demokratlar qurultoyida prezidentlik uchun partiya nomzodi sifatida rasman ko‘rsatilishidir. Shu bilan asrimizning eng qizg‘in va murosasiz siyosiy jangi start oladi. Dastlab Barak Obama tomonidan xarizmasi past baholangan Kamola Harrisning ortda qolgan haftadagi harakatlaridan xulosa qilib, Obama mutlaqo adashganligiga amin bo‘ldik. Netanyaxuga berilgan yaxshigina dakki va Isroilning G‘azodagi xunrezliklarini jimgina kuzatib turmasligi haqidagi zardali signali uning o‘z so‘ziga egaligini namoyon qildi. Hatto ayrim so‘rovnomalar Harrisning Tramp ustidan g‘alaba qozonishi mumkinligiga ham signal berdi. Xususan, AQSH vitse-prezidenti Harris “Reuters” va “Ipsos” agentliklari tomonidan o‘tkazilgan milliy so‘rovnomada sobiq prezident Donald Trampni ortda qoldirdi. Harrisni respondentlarning 44 foizi, Trampni esa 42 foizi qo‘llab-quvvatladi. Tadqiqot amaldagi davlat rahbari Jo Bayden qayta saylanish uchun kurashdan voz kechayotganini e’lon qilganidan keyin o‘tkazildi. So‘rovda qatnashganlarning 56 foizi 59 yoshli Harrisning “o‘tkir aqli” va “qiyinchiliklarga dosh bera olishiga” ishonch bildirdi. 78 yoshli Tramp haqida esa faqat 49 foiz respondent shunday fikrda edi. Ammo keyinchalik “New York Times” nashri va Siena kolleji birgalikda o‘tkazgan tadqiqotda vaziyat biroz o‘zgargan holda ko‘rsatkichlar tarozini Tramp tomonga bosayotganligini ko‘rsatdi. Farq esa o‘tgan safargidek juda kichik, ya’ni 1 foizgina. Unga ko‘ra, saylovchilarning 48 foizi Donald Trampga, 47 foizi esa Kamola Harrisga ovoz berishga tayyor ekani ma’lum bo‘ldi. Mazkur o‘ynoqi raqamlar va foizlar saylovgacha davom etadi. Biroq bu kabi biroz tor doiradagi so‘rovnomalar mamlakat fuqarolarining aniq irodasini namoyish qila olmaydi. Bunga esa 2016 yildagi Xillari Klinton va Donald Trampning saylovdagi raqobati paytidagi ekzitpollar yaqqol misol bo‘la oladi. O‘sha paytda o‘tkazilgan so‘rovlar natijasiga ko‘ra Klinton yaqqol ustunlik qilgan va respondentlarning katta qismi Trampga nisbatan ishonchsizlik bildirgandi. Ammo keyinchalik voqealar rivoji qanday tus olgani va yakunda natija qanday bo‘lgani barchaga ma’lum.

Tramp Ukraina ustida qanday qarorga kelishi mumkin?

Ikki yildan buyon sobiq Prezident Donald Tramp agarda prezidentlikka qayta saylansa, Rossiyaning Ukrainaga bosqinini 24 soat ichida to‘xtatishini aytib keladi. U buni bir emas, balki bir necha bor ta’kidladi. 27 iyun kuni AQSH Prezidenti Jo Bayden bilan bo‘lib o‘tgan saylovoldi debatida esa Tramp agar qayta saylansa, 2025 yil 20 yanvarida prezidentlikka kirishgunga qadar bo‘lgan vaqt ichida mojaroga barham berishini va’da qildi.

Asovtabiat Trampning bu chiqishlari Ukraina siyosiy elitasida shubha yoki qiziqish uyg‘otmay qolmadi. Albatta, Trampdek tiyiqsiz siyosatchidan bu kabi favqulodda xabar olinishi vaziyat atrofidagilarni xavotirlantirishi tabiiy, albatta. Biroq Zelenskiyning ushbu rejani ochiqlash va buni qanday amalga oshirish haqidagi so‘rovlari Tramp tomonidan javobsiz qoldirilmoqda. AQSH prezidentlik saylovi ssenariysidagi keskin burilish Zelenskiyni hushyorlikka chorlagan holda, tezda Tramp bilan aloqaga chiqishga undadi. U amaldagi AQSH rahbari Jo Baydenga Ukrainaga qilgan barcha yaxshiliklari uchun chuqur tashakkur bildirgancha darhol Tramp tomonga yuzlandi. Ular o‘rtasidagi birinchi suhbat esa kutilganidek telefon orqali amalga oshirildi. Suhbat tafsilotlari Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi Trampning shaxsiy sahifasida e’lon qilindi.

“Prezident Zelenskiy bilan bugun juda yaxshi telefon qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi. Sizning keyingi prezidentingiz sifatida men dunyoga tinchlik o‘rnataman va ko‘plab odamlarning hayotiga zomin bo‘lgan va son-sanoqsiz begunoh oilalarni vayron qilgan urushga barham beraman. Har ikki tomon birlashib, zo‘ravonlikka barham beradigan va farovonlikka yo‘l ochadigan kelishuvni muzokara qilishi mumkin”, deb yozadi Tramp.

Zelenskiy ham o‘zining Telegram-kanalida Tramp bilan telefon orqali suhbatlashgani va Ukraina mojarosini hal qilish yo‘llarini muhokama qilish uchun shaxsiy uchrashuvga kelishib olganini yozdi.

“Biz prezident Tramp bilan shaxsiy uchrashuvda aynan qanday qadamlar tinchlikni adolatli va chinakam mustahkam qilishi mumkinligini muhokama qilishga kelishib oldik”, deydi Zelenskiy.

Tramp ushbu suhbatda ham mojaroni zudlik bilan hal qilishga qodirligini yana bir bor eslatib o‘tgan. Ammo ishonchli manbalarning xabar berishicha, u buni qanday va qaysi rejaga ko‘ra amalga oshirishini yana ochiqlamagan. Bu esa Trampning urushni to‘xtatish rejasiga nisbatan shubha gumonlarni kuchaytirishi tabiiy. Chunki Kiyev va Moskva bu urushning to‘xtatilishidagi shartlarda ko‘plab nuqtalarda juda qattiq kesishgan. Kesishmalarning eng jiddiysi esa bu hozirgacha bosib olingan yerlarning muzokaralardan keyingi maqomi, ya’ni ular qaysi davlat hududida qolishidir. 2022 yilda Turkiya vositachiligida Istanbuldagi Dolmabaxcha saroyida o‘tkazilgan Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi dastlabki muzokaralardagi rasmiy Moskva talablarining eng oldi qatorida aynan bosib olingan yerlarning Rossiya ixtiyorida qolishi haqidagi bandi mavjud edi. Mana bosqinning 3 yili o‘tib borarkan, rasmiy Kreml bu shartidan hali ham voz kechmadi. Ukraina tomoni esa tinchlik va muzokara to‘g‘risidagi istalgan taklif va shartlar mamlakat suvereniteti va hududiy yaxlitligiga qarshi bo‘lmasligi kabi haqli pozitsiyaga qat’iy o‘rnashib olgan. Bu shart esa bugun Rossiya va dunyodagi kam sonli totalitar tuzumlardan tashqari deyarli butun dunyo tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.

Agarda Tramp saylov natijalariga ko‘ra yaqin kelajakda Oq uyga qaytadigan bo‘lsa, uning urushni to‘xtatish to‘g‘risidagi rejasi kimning manfaatlariga egilishi hozircha noma’lum. Ammo qaror chiqarishda tashqi ta’sirlarga qarshi kuchli immuniteti mavjud bo‘lgan va keskin hamda kutilmagan harakatlarga boy bo‘lgan respublikachilarning nomzodi mutlaq boshqacha yo‘l tutishi mumkinligini ham inkor qila olmaymiz.

Aniq qilib aytadigan bo‘lsak, taxmin qilishimiz mumkin bo‘lgan bir qancha versiyalardan biri bu Trampning Rossiya tomonidan egallab olingan yerlarni Kreml ixtiyorida qoldirish orqali mojaroning ikki tomonidagilarni muzokara stoliga olib kelishidir. Albatta, bu butun dunyoning qarshiligiga olib kelishi va amalga oshishi qiyindek ko‘rinadigan yo‘l. Lekin o‘z prezidentlik mandati davomida 2017 yil Parij iqlim kelishuvi, 2018 yilda Eron bilan yadro kelishuvidan chiqqan, Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlar yomonlashishidan zarracha xavotir olmagan va 2020 yil boshida Yaqin Sharqdagi eng qudratli shaxslardan biri Qosim Sulaymoniyni o‘ldirgan, juda keskin qarorlar qabul qilishdagi kuchli ko‘nikmaga ega bo‘lgan Tramp uchun Ukraina masalasida kutilmagan pozitsiyaga o‘tishi qiyinchilik tug‘dirmasligi mumkin. Zero, respublikachilar mamlakat ortiq Ukrainani tekinga moliyalashni xohlamasligini turli ko‘rinishlarda bildirib kelishmoqda. Shunday ekan, Sharqiy Yevropadagi vaziyatning yakuniy hukmi 6 noyabrda AQSHdagi prezidentlik saylovidan keyin chiqarilishi mumkin. Saylovga esa 3 oydan biroz ko‘proq vaqt qoldi. Bu esa Ukraina va ukrainaliklar ixtiyorida juda oz muddat qolganini anglatadi. Saylov yaqin, unda esa favorit sifatida ko‘rsatilayotgan persona ancha ziddiyatli xarakterga ega bo‘lgan va oldindan qanday qadam tashlashi noma’lum Donald Trampdir. Uning ayni damda bizga ma’lum bo‘lgan birgina rejasi bor. Bu ham bo‘lsa, prezidentlikka saylanishi bilan Ukraina va Falastindagi urushni to‘xtatish. Ammo qanday, qaysi shartlar va qay uslubda bunga barham berishi hozircha noma’lum. Vaqt oliy hakam, va barchasi yana uning hukmida qolmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Tramp Ukraina urush

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing