Tramp Ukrainani qoralashini kutgandik – Peskov

Olam

image

Kreml AQSHdan Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Rossiya aerodromlariga uyushtirilgan hujumlarga nisbatan qat’iy qoralovchi bayonot eshitishni kutgan edi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Peskovning ta’kidlashicha, Rossiya bu kabi harbiy hujumlarga AQSH tomonidan aniq va prinsipial baho berilishini umid qilgan. Biroq hozircha bunday munosabatni kuzatmagan.

Kreml vakili AQSHdan xalqaro xavfsizlikka tahdid soluvchi harakatlarga, xususan, Rossiya hududidagi harbiy ob’ektlarga qilingan hujumlarga nisbatan ochiq va keskin pozitsiya bildirishini kutayotganini qayd etgan.

“Kecha bo‘lib o‘tgan telefon suhbatida AQSH Prezidenti haqiqatdan ham “Kiyev rejimi” tomonidan bu terrorchilik harakati tayyorlangani haqida hech qanday ma’lumotga ega bo‘lmaganini aytdi. Ammo agar xalqaro baholash haqida gapiradigan bo‘lsak, albatta, biz eng kamida bu terrorchilik harakati bo‘yicha qat’iy qoralovchi fikr eshitishni afzal ko‘rgan bo‘lardik”, degan Peskov.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 iyun kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi va unda Ukraina tomonidan Rossiyadagi aerodromlarga uyushtirilgan hujumlarni muhokama qildi. Trampning yozishicha, 1 soat 15 daqiqa davom etgan suhbat davomida Vladimir Putin unga “yaqinda aerodromlarga qilingan hujumga javob berishga to‘g‘ri kelishini” bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Kreml' Rossiya Vladimir Putin Dmitriy Peskov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing