Tramp uchinchi muddatga saylanmoqchi emas. Uning vorisi kim?
Olam
−
05 may 5660 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp uchinchi prezidentlik muddatiga nomzodini qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi ma’lumotni rad etdi. Bu haqda Oq uy rahbari NBC News’ga bergan intervyusida so‘z ochdi.
“Men sakkiz yillik, ikki muddatli prezident bo‘laman. Men har doim buni juda muhim deb hisoblaganman”, degan Tramp.
78 yoshli Tramp avvalroq AQSH prezidenti lavozimida uchinchi yoki hatto to‘rtinchi muddat qolmoqchi ekani haqida “hazillashmayotganini” aytgandi.
Biroq, keyinchalik u o‘z bayonotlarining maqsadi ommaviy axborot vositalarini soxta yangiliklardan tozalash ekanligini aytdi.
Joriy yilning 2 may kuni esa Floridadagi qarorgohida yozib olingan intervyusida Tramp ikkinchi muddat tugagandan so‘ng prezidentlik lavozimida qolish imkoniyatini ko‘rib chiqishni so‘ragan odamlardan ko‘plab iltimoslar bo‘lganini aytgan.
“Qanchadan-qancha odamlar shunday qilishimni xohlashadi. Ammo bu men qilmoqchi bo‘lgan ish emas”, degan Amerika rahbari.
Tramp keyingi saylovlarda AQSH Prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan kim da’vogarlik qilishi mumkinligi haqidagi savolga “10-15 kishi” borligini aytib, o‘zining ehtimoliy vorislari, xususan, vitse-prezident Jeyms Devid Vens yoki Davlat departamenti rahbari Marko Rubio bo‘lishi mumkinligini aytgan.
“Jeyms Devid Vens juda yaxshi ishlaydi. U ajoyib. Marko ham ajoyib ishlar qilmoqda”, degan Tramp.
Ma’lumot uchun, AQSH konstitutsiyasiga ko‘ra, Oq uyda ikkinchi prezidentlik muddatini o‘tayotgan Tramp uchinchi muddatga saylanish huquqiga ega emas. Shuningdek, konstitutsiyaga kiritilgan tegishli tuzatishga ko‘ra, ikki yildan ortiq davom etgan va mandati tugamagan prezidentlik muddatini to‘ldirgan kishiga ham ikki martadan ortiq prezident etib saylanish taqiqlanadi. Konstitutsiyani o‘zgartirish uchun Senat va Vakillar palatasining uchdan ikki qismi, shuningdek, mamlakat shtatlari hukumatlarining to‘rtdan uch qismi ma’qullashi kerak.
Live
Barchasi