Tramp Turkiyaga borishi mumkin
Olam
−
14 aprel
2534Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an va AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida kutilayotgan uchrashuv Amerika rahbarining qarorgohi bo‘lmish Oq uyda yoki Turkiyada bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Hurriyet” xabar berdi.
Nashr xabariga ko‘ra, Prezidentlar Rajab Toyib Erdo‘g‘an va Donald Tramp o‘rtasida kutilayotgan sammitning ikki xil ssenariysi ko‘rib chiqilmoqda. Birinchi variantga ko‘ra, Tramp may oyi o‘rtalarida Saudiya Arabistoniga tashrif buyurishi, so‘ngra Qatar va Birlashgan Arab Amirliklariga borishi va safar oxirida Turkiyada to‘xtashi kutilmoqda.
Ikkinchi variant – uchrashuv AQSHdagi Oq uyda bo‘lib o‘tadi. Oldin uchrashuv aprelning oxiri yoki mayning boshida bo‘lishi gapirilgan bo‘lsa, hozir asosiy e’tibor iyunga qaratilmoqda.
Qolaversa, Antaliya diplomatik forumida so‘zga chiqqan Turkiya Tashqi ishlar vaziri Xoqon Fidan AQSH Prezidenti Donald Trampning Turkiyaga ehtimoliy tashrifi haqida noaniq bayonot bergan.
“Hozircha aniq vaziyat yo‘q. Muzokaralar davom etmoqda. Uchrashuv Turkiyada yoki AQSHda bo‘lishi ustida ish olib borilmoqda”, degan Fidan.
Qayd etish joiz, Tramp Erdo‘g‘anga alohida qiziqish bildirayotgani anchadan beri ma’lum. Hatto Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu bilan so‘nggi uchrashuvi chog‘ida Tramp Turkiya rahbarini maqtab o‘tgan.
“Men Erdo‘g‘an ismli odam bilan juda yaxshi munosabatdaman. Men uni hurmat qilaman, u ham meni hurmat qiladi”, degan edi Tramp.
Ushbu uchrashuvda Tramp Netanyaxuning Turkiya haqidagi shikoyatlariga ham javob bergan.
“Turkiya bilan har qanday muammongizni hal qila olaman, deb o‘ylayman. Lekin siz ham insofli bo‘lishingiz kerak”, degan Oq uy rahbari.
LiveBarchasi