Tramp Turkiyadagi NATO sammitida Zelenskiy va Suriya rahbari bilan uchrashadi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp shu hafta Turkiyada bo‘lib o‘tadigan NATO sammiti doirasida Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashib, Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha yangi sa’y-harakatlarni muhokama qiladi. Bu haqda AQSHning yuqori lavozimli rasmiysiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.


Ma’lum qilinishicha, Tramp sammitda ishtirok etish uchun 8 iyul kuni Turkiyaga yetib boradi. Uning dastlabki uchrashuvi mezbon davlat Prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an bilan bo‘ladi. Shuningdek, Tramp Suriya Prezidenti Ahmad ash-Sharaa bilan ham muzokara o‘tkazadi va matbuot anjumanida qatnashadi.


Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan jurnalistlarga ma’lumot bergan AQSH rasmiysining aytishicha, Tramp 9 iyul kuni Zelenskiy bilan uchrashib, “urushni qanday tugatish mumkinligi”ni muhokama qiladi.

“So‘nggi ikki oy ichida front chizig‘idagi vaziyat deyarli o‘zgarmadi va hech bir tomon sezilarli yutuqqa erisha olmayapti. Prezident esa bu urushni tez fursatda to‘xtatish zarurligini bildirmoqda”, degan u.

Rasmiyning qo‘shimcha qilishicha, Tramp NATOga a’zo davlatlarni mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirish niyatida va bu chaqiriqni shaxsan yetkazadi. Shuningdek, sammit davomida mudofaa sohasiga oid milliardlab dollarlik bitimlar e’lon qilinishi kutilmoqda, ammo ularning tafsilotlari hozircha ochiqlanmagan.


Yevropa rasmiylari Trampning Erdog‘an va NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan yaxshi munosabatlari sammitning muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam beradi, deb umid qilmoqda. Biroq ular Eron urushi ortidan yuzaga kelgan transatlantik kelishmovchiliklar hamda Trampning NATOni tez-tez tanqid qilishi sababli ma’lum darajada xavotir bildirgan.


Tramp, avvalroq NATO davlatlari AQSHga Eronga qarshi AQSH–Isroil harbiy amaliyotida yetarlicha yordam bermaganidan norozi ekanini bildirgan edi.


5 iyul kuni AQSH Prezidenti Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan 90 daqiqa davom etgan telefon muloqotini o‘tkazgandi. Kreml yordamchisi Yuriy Ushakovning ma’lum qilishicha, suhbat chog‘ida Tramp Ukrainadagi urushga yechim topishga ko‘maklashishni taklif qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 7–8 iyul kunlari Turkiya poytaxti Anqarada NATOga a’zo davlatlar rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tishi va unda AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing