Tramp Putinga sim qoqdi. Suhbat 1,5 soat davom etdi
Olam
−
13:40 4272 3 daqiqa
Kecha, 4 iyul kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Unda Ukraina va Eron atrofidagi vaziyat hamda Moskva va Vashington o‘rtasidagi kelgusi aloqalar muhokama qilindi. Muzokaralar yakunida tomonlar muloqotni davom ettirishga va yaqin orada yana telefon orqali bog‘lanishga tayyor ekanliklarini tasdiqladi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, bu suhbat bir yarim soat davom etgan. Moskvaga qo‘ng‘iroq qilish tashabbusi bilan Vashington chiqqan (garchi 4 iyul kuni Qo‘shma Shtatlarda Mustaqillik kuni nishonlangan bo‘lsa-da).
Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakov Vladimir Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi telefon muloqoti yakunlariga izoh bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning milliy bayrami arafasida Rossiya rahbari Trampga tabrik telegrammasi yo‘llagan va unda konstruktiv, teng huquqli hamda o‘zaro manfaatli aloqalarni yo‘lga qo‘yish nafaqat ikki xalq, balki butun jahon hamjamiyati manfaatlariga mos kelishiga ishonch bildirgan.
“Bu suhbat joriy yildagi to‘rtinchisi bo‘lib, tabiiyki nafaqat protokol xususiyatiga ega edi, balki amaliy va juda konstruktiv ruhda o‘tdi. Ushbu muloqot ikki tomonlama va xalqaro kun tartibidagi dolzarb mavzularni ochiqchasiga muhokama qilish imkonini berdi. Darvoqe, bu suhbat deyarli bir yarim soat, aniqrog‘i – 1 soatu 25 daqiqa davom etdi.
Prezidentlar, tabiiyki, Ukraina inqirozini hal qilish mavzusiga ham to‘xtalib o‘tdilar, jumladan, Donald Trampning 7-8 iyul kunlari Turkiyada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitidagi bo‘lajak ishtiroki inobatga olindi. Amerika yetakchisi harbiy harakatlarni tezroq tugatishga hamda inqirozni bartaraf etish bo‘yicha tinchlik yo‘llarini izlashga ko‘maklashishga tayyorligini yana bir bor tasdiqladi. Uning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner vositachilik sa’y-harakatlarini davom ettiradilar va qulay vaqtda Moskvaga kelishga tayyor bo‘lishadi”, deydi Yuriy Ushakov.
Uning qayd etishicha, Rossiya tomoni mojaroni siyosiy-diplomatik yo‘l bilan hal qilish afzalroq ekanini va bunda Rossiyaning ma’lum prinsipial yondashuvlari albatta inobatga olinishi lozimligini yana bir bor urg‘ulagan.
“Biroq Kiyev va uning yevropalik homiylari mojaroni cho‘zishga va hatto uni yanada avj oldirishga, tinch aholiga qarshi terrorizmga sodiq qolmoqda, shu bilan birga, Yevropaning “urush partiyasi” umumiy vaziyat va harbiy to‘qnashuv chizig‘idagi ahvolni noto‘g‘ri idrok etishdan kelib chiqmoqda. Prezident jang maydonidagi real vaziyatni tasvirlab berdi, u yerda Rossiya Qurolli kuchlari bittadan aholi punktini ozod qilib, ishonch bilan oldinga siljimoqda”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya rahbarining yordamchisi.
Rossiya TIV press-relizida aytilishicha, ikki tomonlama munosabatlar haqida gapirar ekan, Prezidentlar aloqalarni, jumladan, harbiy-siyosiy va, albatta, iqtisodiy mavzularda davom ettirish muhimligini ta’kidlagan. Bu borada mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikning ulkan istiqbollari ko‘zga tashlanmoqda. Buning uchun, Donald Tramp ta’kidlaganidek, Ukraina mojarosini imkon qadar tezroq yakunlash lozim.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Putin Trampni AQSH mustaqilligining 250 yilligi munosabati bilan tabriklagani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi