Tramp To‘qayevni ham Tinchlik kengashiga taklif qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Qozog‘iston yetakchisi Qosim-Jomart To‘qayevni G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga taklif qildi. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Ruslan Jeldiboy “Tengrinews”ga bergan intervyusida aytib o‘tdi. 

“Ha, Prezident Qosim-Jomart To‘qayev dunyo yetakchilari orasida birinchi bo‘lib rasmiy taklif oldi va Qozog‘iston ushbu Tinchlik kengashining asoschilaridan biri bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Javoban, davlat rahbari AQSH Prezidentiga minnatdorlik bildirilgan xat yo‘lladi va ushbu yangi tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha roziligini tasdiqladi”, degan Jeldiboy. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Prezident Qozog‘iston Yaqin Sharqda barqaror tinchlikni ta’minlash, davlatlararo ishonchni mustahkamlash va global barqarorlikni oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor ekanligini tasdiqlagan. 

Qayd etish joiz, Tramp 15 yanvar kuni G‘azo sektorini qayta tiklash ishlarini boshqaruvchi Tinchlik kengashi tuzilganini ma’lum qilgandi. Ushbu tuzilmaning tashkil etilishi Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining muhim qismi bo‘lib, reja xalqaro kuchlarni joylashtirish masalasini ham o‘z ichiga oladi.
Tinchlik kengashi tarkibiga Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr va Turkiya vakillari kirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anni G‘azo sektorini tiklash va uning xavfsizligini ta’minlash uchun mas’ul bo‘ladigan Tinchlik kengashining ta’sischilaridan biri bo‘lishga taklif qilgani haqida xabar berilgan edi. Qolaversa, Tramp Braziliya yetakchisi Luis Inasiu Lula da Silvani ham G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashiga qo‘shilishga taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ruslan Jeldiboy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing