Tramp tug‘ilgan kunini katta summadagi harbiy parad bilan nishonlamoqchi
Olam
−
10 iyun 2025 5335 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yilning 14 iyun kuni mamlakat poytaxti Vashingtonda yirik harbiy parad o‘tkazadi. Bu haqda “The Washington Post” nashri xabar berdi.
Nashrning yozishicha, tanklar, piyodalar jangovar mashinalari va og‘ir artilleriya yuklangan poyezdlar allaqachon Merilend shtatiga yaqinlashmoqda. Ular yuk mashinalarida Vashingtonga olib borilib, Konstitutsiya xiyobonidan yurib o‘tadi. 1,5 soatlik parad uchun shahar markazining ko‘plab ko‘chalari to‘rt kun davomida yopiladi. Umumiy hisobda 150 dona yerusti harbiy texnikasi (shu jumladan 25 ta M1 Abrams tanki), 6600 askar, vertolyotlar va 50 ta samolyot qatnashadi.
“Bloomberg” nashriga ko‘ra, paradda AQSH armiyasining 250 yilligi nishonlanadi – bu sana tasodifan Trampning 79 yoshlik yubileyiga ham to‘g‘ri keladi. Tramp 2017 yilda Parijga tashrifi chog‘ida shunga o‘xshash paradni ko‘rgach, o‘z prezidentligi davrida bunday tadbir o‘tkazishni istagan. Biroq unda bu taklif katta xarajatlar sababli rad etilgan. Bundan tashqari, Amerika jamoatchiligi bunday tantanalarga o‘rganmagan – ular ko‘proq Rossiya, Shimoliy Koreya, Xitoyga xos.
So‘nggi marta AQSHda harbiy paradlar 1946 yilda (Nyu-Yorkda, Ikkinchi jahon urushidagi g‘alabadan keyin) va 1991 yilda (Vashingtonda, Iroq qo‘shinlarining Quvaytdan haydalishidan keyin – “Cho‘l bo‘roni” amaliyotidan so‘ng) o‘tkazilgan.
Bu yilgi paradning taxminiy qiymati 25-40 million dollarga baholanmoqda (shahar infratuzilmasini yopish, xavfsizlik choralari va tozalash ishlari xarajatlari bundan tashqari). Tramp bu xarajatni “buyuk sarf-xarajat” deb atagan. Mudofaa vazirligidagi quruqlik kuchlari bo‘yicha mas’ul Deniyel Driskoll parad armiyada xizmat qilishni targ‘ib qiladi, deb hisoblaydi.
Shu bilan birga, Tramp ma’muriyati Veteranlar ishlari bo‘yicha departamentdagi 83 ming nafar xodimni ishdan bo‘shatishni rejalashtirmoqda. Senator-demokrat Richard Blumental bu vaziyatni keskin tanqid qilgan.
“Veteranlarga tushuntirish juda qiyin – nega biz, ehtimol, 40 million dollarni parad uchun sarflayapmiz, lekin ayni vaqtda ularning ish o‘rinlari qisqartirilmoqda, go‘yoki isrofgarchilikka qarshi kurashyapmiz”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, bu parad Trampning Los-Anjelesdagi immigratsion siyosatga qarshi ommaviy norozilik namoyishlariga javoban harbiy kuch qo‘llash haqidagi qarori fonida bo‘lib o‘tadi. U shaharga 2000 nafar milliy gvardiyachi, keyin esa 700 nafar dengiz piyoda askarlari yuborishni buyurgan. Kaliforniya shtati esa bu qarorni sudga berdi.
Live
Barchasi