Tramp o‘ziga qarshi bosh ko‘targan Los-Anjelesga dengiz piyodalarini yubordi

Olam

image

AQSH federal hukumati immigratsiyaga qarshi reydlarga qarshi norozilik namoyishlari fonida Los-Anjelesda o‘z nazorati ostidagi Milliy gvardiya qo‘shinlari sonini ikki barobarga, ya’ni 4000 kishiga yetkazishga qaror qildi. Bu haqda kecha, 9 iyun kuni Kaliforniya gubernatori Gevin Nyusom X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qildi.

Milliy gvardiyaning yangi bo‘linmalaridan tashqari Kaliforniyadagi Kemp Pendlton bazasidan 700 nafar dengiz piyodalari ham Los-Anjelesga yuboriladi. AQSH Prezidenti ma’muriyati bu qarorni “federal xodimlar va binolarga tahdidlarning kuchayishi” bilan oqladi.

AQSH Prezidenti Donald Tramp Los-Anjelesda davom etayotgan norozilik namoyishlarini sharhlar ekan, “professional agitatorlar va isyonchilarni” tartibsizliklar keltirib chiqarishda aybladi. U Kaliforniyaga mahalliy hokimiyatlarga emas, balki federal markazga hisobot beradigan xavfsizlik agentliklarining yanada ko‘proq vakillarini yuborish bilan tahdid qildi.

Shuningdek, u Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi postida o‘zi yuborgan askarlarga “hurmatsizlik” ko‘rsatadigan namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlik bilan tahdid qildi.

Kaliforniya gubernatori va Demokratik partiya a’zosi Gevin Nyusom Trampning Los-Anjelesdagi norozilik namoyishlarini bostirish uchun dengiz piyodalaridan foydalanish haqidagi qarorini “Amerikaga zid” deb atadi.

“Bunday bo‘linmalar mamlakat ichida emas, balki tashqi tahdidlarga qarshi kurashishi kerak. Ularni Amerika tuprog‘iga o‘z fuqarolari bilan jang qilish uchun jo‘natmaslik kerak”, deb hisoblaydi Nyusom.

Shu bilan birga, Kaliforniya gubernatori Trampni sudga berishga va’da berdi. Amerika qonunchiligiga ko‘ra, federal nazorat ostidagi xavfsizlik kuchlarini tartibsizliklarga qarshi kurashda yoki favqulodda vaziyat yuzaga kelganda jalb qilish uchun shtat rasmiylarining o‘zlari Vashingtonga tegishli so‘rov yuborishlari kerak. Istisnolar tashqaridan bostirib kirish yoki davlat tizimiga tahdiddir. Boshqa hollarda, Milliy gvardiya bo‘linmalari mahalliy hokimiyatlar nazorati ostida.

“Tramp Kaliforniyadagi tartibsizliklar fonida bir tomonlama tartibda Milliy gvardiyani o‘z qo‘mondonligi ostiga o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruqni qabul qildi – buni oqlaydigan tahdidlar bo‘lmaganida”, deya ta’kidladi Nyusom.

Shuningdek, u imzolangan buyruq Kaliforniya bilan cheklanib qolmasligi va shunga o‘xshash harakatlarni AQSHning istalgan shtatida o‘tkazish imkonini berishiga e’tibor qaratdi.

Los-Anjelesdagi norozilik namoyishlari 7 iyun kuni shaharda noqonuniy muhojirlarga qarshi ICE reydlari o‘tkazilgandan keyin boshlandi. Bir hafta davomida Los-Anjeles hududida immigratsiya qonunchiligini buzganlikda gumon qilinib, 118 kishi hibsga olindi. Hodisalar chog‘ida xavfsizlik kuchlari ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va granatalardan foydalangan.

Tramp mahalliy hukumatlar vaziyatni “odatdagidek” hal qila olmayotganini aytdi va Kaliforniyaga Milliy gvardiyaning 2000 askarini yuborishni buyurdi. Milliy gvardiya avvalroq 2020 yilda afro-amerikalik Jorj Floydning politsiya harakatlari oqibatida o‘lim topgani tufayli yuzaga kelgan tartibsizliklar munosabati bilan Kaliforniyaga yuborilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Los-Anjeles

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing