Tramp tufayli yevro dollarni “taxt”dan ag‘darishi mumkin
Olam
−
14 aprel
6185Yevro so‘nggi 15 yildagi eng tez o‘sishni amalga oshirdi va endilikda bu valyuta global noaniqlik ortib borayotgan bir sharoitda investorlar tomonidan AQSH dollariga munosib muqobil sifatida ko‘rilmoqda. Bu haqda bugun, 14 aprel kuni “Bloomberg” xabar berdi.
AQSH Prezidenti Donald Trampning yangi tariflar siyosati fonida yevro 1,15 dollarga yaqinlashdi. Tahlilchilar esa kelgusi ikki chorakda bu ko‘rsatkich 1,20 dollargacha yetishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Donald Tramp ma’muriyati tomonidan joriy qilingan yangi savdo tariflari sabab o‘tgan haftada yevro deyarli 4 foizga o‘sgan va bu tarixdagi ikkinchi eng katta opsionlar hajmi ekani aytilmoqda.
Mizuho International plc kompaniyasining makro strategiyasi rahbari Jordan Rochester bozor allaqachon yevro quvvati bo‘yicha savdo qilayotgani va ko‘plab investorlar asta sekin yevroni afzal ko‘rayotganini aytgan.
“Bloomberg” nashriga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning Xitoydan import qilinadigan tovarlarga keng qamrovli tariflarni joriy qilishi dollarga nisbatan bosim kuchaytirib yuborgan. Natijada, sarmoyadorlar yevroga yuzlangan holda uni barqaror variant sifatida ko‘ryapti. Germaniya moliya vaziri esa allaqachon hukumatlarni fursatdan foydalanib, yevroning global savdodagi rolini oshirishga chaqirgan.
Shuningdek, AQSH iqtisodiyotining barqarorligiga nisbatan ko‘paygan shubhalar yevroning zahira valyutasi sifatida dollar o‘rnini egallashi va hozirdanoq uning ba’zi an’anaviy funksiyalarini o‘z zimmasiga olishni boshlashi taxmin qilyapti. Russell Investments'ning valyuta strategiyasi rahbari Van Lu dunyo yaqin kelajakda yevroga yordam beradigan tarkibiy o‘zgarishlarning guvohi bo‘lishini ta’kidlagan.
Ma’lumot o‘rnida shuni ta’kidlab o‘tish joizki, ayni damda 14 aprel hisobiga ko‘ra 1 dollarning o‘zbek so‘miga nisbati 12 969 so‘m bo‘lsa, yevroniki 14 768 so‘ni tashkil qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq vaziyat tarang bo‘lishiga qaramay, Donald Tramp 13 aprel kuni kelasi hafta yarimo‘tkazgichlar importiga ham yangi bojlar joriy etishini e’lon qildi.