Tramp “Tinchlik kengashi”ga a’zo davlatlar G‘azoga 5 mlrd dollar ajratishini aytdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp “Tinchlik kengashi” a’zolari G‘azo sektorida gumanitar yordam va tiklash ishlari uchun 5 milliard dollardan ortiq mablag‘ ajratish majburiyatini olganini ma’lum qildi. Bu haqda Oq uy rahbari Truth Social tarmog‘ida yozib qoldirdi.

Trampning bildirishicha, 19 fevral kuni Vashingtonda joylashgan “ Donald Institute of Peace”da kengash a’zolari bilan navbatdagi uchrashuv o‘tkaziladi va ushbu moliyaviy majburiyat rasman e’lon qilinadi. Shuningdek, bir qator davlatlar G‘azoda xavfsizlik va tartibni ta’minlash maqsadida Xalqaro barqarorlashtirish kuchlari hamda mahalliy politsiyaga minglab xodimlar yuborgan.

Trampning ta’kidlashicha, “Tinchlik kengashi”, allaqachon BMT Xavfsizlik Kengashida G‘azodagi mojaroni tugatish, gumanitar yordamni tezlashtirish va garovdagilarni ozod qilish bo‘yicha reja qabul qilinishiga erishgan. U, shuningdek, HAMAS to‘liq va zudlik bilan demilitarizatsiya qilinishi kerakligini aytgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Tramp bu tashabbusni yanvar oyida Davosda e’lon qilgan. Kengash G‘azoni tiklash va tinchlikni ta’minlash jarayonini muvofiqlashtirishi kerak. Tashabbus doirasida xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan.

Binyamin Netanyaxu 13 fevral kuni Isroilning “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish to‘g‘risidagi kelishuvni imzolagan. Shuningdek, Vladimir Putin Rossiya ham kengashga taklif olganini va Moskva G‘azoni tiklash uchun AQSHda muzlatilgan aktivlar hisobidan 1 milliard AQSH dollari ajratishga tayyorligini bildirgan.

OAV xabarlariga ko‘ra, ayrim davlatlar Isroil va HAMAS o‘rtasidagi ziddiyatlar, xususan qurolsizlantirish masalasi bo‘yicha kelishmovchiliklar yana harbiy amaliyotlar qayta boshlanishiga olib kelishi mumkin, degan xavotir sababli mablag‘ ajratishni kechiktirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Donald Tramp tashabbusi bilan tuzilgan “Tinchlik kengashi” ustavini imzolagan edi. Buning uchun u Tramp taklifiga binoan Davosga borgan.

AQSH va O‘zbekistondan tashqari, ustavni Armaniston, Argentina, Ozarbayjon, Bolgariya, Vengriya, Indoneziya, Iordaniya, Kosovo, Pokiston, Paragvay, Qatar, Saudiya Arabistoni, Turkiya, BAA, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston ham imzolagan.


Maqola muallifi

Teglar

Oq uy Vashington HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing