Tramp tergovga to‘sqinlik qilayotganiga oid yangi dalillar topildi

Olam

image

AQSH Adliya vazirligi va Federal qidiruv byurosi sobiq prezident Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida topilgan maxfiy hujjatlarni tekshirishga aralashishga urinishlari haqida guvohlik beruvchi yangi dalillarni aniqladi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.

Tergovchilar ishdagi asosiy fikrlarni yaxshiroq tushunish uchun Trampning sobiq yordamchisining (ismi oshkor etilmagan) elektron pochtasi va SMS-xabarlarini ko‘rib chiqish paytida qo‘shimcha dalillarni aniqlagan. Maxsus prokuror Jek Smit boshchiligidagi tergov guruhi asosiy e’tiborini Tramp maslahatchilari 2022 yil may oyida “maxfiy” deb belgilangan barcha hujjatlarni qaytarish talabi bo‘yicha chaqiruv qog‘ozini olganidan keyin sodir bo‘lgan voqealarga qaratgan. 

Manbalarning ta’kidlashicha, chaqiruv qog‘ozini olganidan so‘ng Tramp o‘z uyidagi ba’zi bir hujjatlarning mazmunini ko‘zdan kechirib, ulardan ba’zilarini “saqlash” istagida bo‘lgan.

Jek Smit esa Tramp yoki boshqalar hujjatlar bilan haqiqatdan ham shug‘ullangani va sudyalar hay’ati uni tergovga to‘sqinlik qilganlikda ayblash uchun yetarli dalillar bor-yo‘qligini aniqlashga harakat qilmoqda.
2022 yil fevral oyida AQSH Arxivlar va yozuvlar boshqarmasi Trampga Oq uydan chiqib ketayotib, Milliy arxivga topshirilishi kerak bo‘lgan 15 quti hujjatlarni, jumladan, maxfiy hujjatlarni ham olib ketishni taklif qilgan. Hujjatlar keyinroq qaytarilgan, biroq Adliya vazirligi tintuvlarni sobiq prezidentning qarorgohida o‘tkazishni buyurgan. Avgust oyi boshida Mar-a-Lago qarorgohida FQB tomonidan tintuv o‘tkazilgan va 11 quti maxfiy hujjatlar musodara qilingan. Tramp tintuvlardan so‘ng o‘zidan tortib olingan hujjatlarni o‘z ixtiyori bilan agentlarga berishga tayyorligini ta’kidlagan.

Eslatib o‘tamiz, mart oyining oxirida Trampga qarshi rasman jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va Tramp jinoiy javobgarlikka tortilgan AQSHning birinchi sobiq prezidentiga aylangandi. Amerikaning sobiq rahbari sodir bo‘layotgan voqealarni demokratlar tomonidan siyosiy ta’qib va tarixdagi eng yuqori darajadagi saylovlarga aralashuv, deb atagan va mazkur ayblovni rad etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Tramp tergov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing