Tramp tarafdori minglab talabalar oldida otib o‘ldirildi (video)
Olam
−
11 Sentabr 21081 2 daqiqa
Turning Point USA notijorat tashkiloti rahbari va konservativ faol Charli Kirk kecha, 10 sentyabr kuni omma oldida nutq so‘zlayotgan paytida bo‘ynidan otib ketildi. Hodisa aks etgan video tezda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalib ketdi.
Faolga Yuta shtatining universitetidagi chiqishi vaqtida suiqasd qilingan. 31 yoshli Kirk bo‘ynidan yaralanib, og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan, ammo uning hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan.
“Ulug‘ va hatto afsonaviy Charli Kirk oramizdan ketdi. Hech kim AQSH yoshlarini u kabi tushunmagan va ularga yordam bermagan. Uni hamma sevardi va hurmat qilardi, ayniqsa men. Endi u yo‘q. Men va Melaniya uning rafiqasi Erika va oilasiga samimiy ta’ziya bildiramiz. Charli, biz seni yaxshi ko‘ramiz”, deya yozgan AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Socilal ijtimoiy tarmog‘ida.
Tramp, shuningdek, mamlakat bo‘ylab bayroqlarni 14 sentyabr kuni kechgacha tushirib qo‘yishga buyruq bergan.
Yuta gubernatori Spenser Koks jinoyatchilar jazosiz qolmasligini aytgan. AQSH siyosatchilari, jumladan, Jo Bayden ham ta’ziya izhor qilgan.
“Bunday zo‘ravonlikka yurtimizda joy yo‘q. U darhol to‘xtashi kerak. Men va Jill Charli Kirkning yaqinlari uchun duodamiz”, degan sobiq prezident Jo Bayden.
Charli Kirk kim edi?
31 yoshli Charli Kirk AQSHdagi eng mashhur konservativ faollardan biri edi. U 2012 yilda, 18 yoshida, biznesmen Bill Montgomeri bilan birga Turning Point USA tashkilotiga asos soldi. Bu nodavlat tuzilma talabalar orasida erkin bozor, cheklangan hukumat va “an’anaviy qadriyatlar”ni targ‘ib qiladi. Bugungi kunda Turning Point USAʼning 850 dan ortiq universitetlarda bo‘limlari mavjud.
Kirk mamlakat bo‘ylab universitetlarda ochiq debatlar o‘tkazar, podkastlar va ijtimoiy tarmoqlarda faol edi. U Trampning saylov kampaniyasida yoshlarni safarbar qilishda muhim rol o‘ynagan, ayniqsa, Arizonada ko‘p minglab yangi saylovchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishga ko‘maklashgan. Bu esa Trampning shtatdagi g‘alabasiga hissa qo‘shgan. Kirk Trampning inauguratsiyasiga taklif qilingan va doimiy ravishda Oq uy tadbirlarida ishtirok etgan. Tramp uni yoshlar orasidagi mashhurligi uchun muhim omil sifatida tilga olgan.
Kirkning xotini va ikki farzandi bor edi.
Live
Barchasi