Kirkning bevasi erining ishini davom ettirmoqchi (video)
Olam
−
13 Sentabr 6586 2 daqiqa
Amerikalik mashhur o‘ta o‘ngchi faol va bloger Charli Kirkning bevasi Erika Yuta shtatidagi miting chog‘ida o‘ldirilgan turmush o‘rtog‘ining siyosiy faolligini davom ettirishga va’da berdi. Bu haqda u kecha, 12 sentyabr kuni internetda jonli efirda bergan bayonotida ma’lum qildi.
“Erim qurgan harakat o‘lmaydi. O‘lmaydi. Men bunga yo‘l qo‘ymayman”, dedi Erika Kirk.
Erika Kirk erining podkastlarni yozib oladigan bo‘sh o‘rindig‘i yonida turib, turmush o‘rtog‘ining o‘limiga sababchi bo‘lgan “yovuzlar” haqida shunday dedi:
“Erimning o‘ldirilishida aybdorlar nima qilganini tushunishmaydi. Ular bu ayolda qanday olov yoqqanliklarini bilishmaydi. Bu beva ayolning faryodi urush faryodi kabi dunyo bo‘ylab eshitiladi”.
Erika Kirk Charlining hayotini qahramonlarcha saqlab qolishga harakat qilgan birinchi yordam ko‘rsatuvchilarga, shuningdek, politsiya xodimlariga minnatdorlik bildirdi.
“Men birinchi navbatda erimning qotilini topish uchun tinimsiz mehnat qilgan mahalliy, shtat va federal huquq-tartibot idoralariga minatdorlik bildirmoqchiman”, dedi u.
Bundan tashqari, beva ayol AQSH Prezidenti Donald Tramp, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens va eriga “g‘amxorlik ko‘rsatgan” barcha tarafdorlariga minatdorlik bildirdi.
“Men Prezident Tramp va uning ajoyib oilasiga o‘z minatdorligimni bildirdirmoqchiman. Janob Prezident, erim sizni hurmat qilardi va siz ham uni hurmat qilishingizni bilar edi. Sizning do‘stligingiz ajoyib edi. U sizni qo‘llab-quvvatlaganidek, siz ham uni juda yaxshi qo‘llab-quvvatladingiz” dedi Erika Kirk.
Kirk xonim erining oilasiga bo‘lgan muhabbatini ham alohida e’tiborga oldi.
“Eng muhimi, Charli o‘z farzandlarini yaxshi ko‘rardi. U meni butun qalbi bilan sevardi” dedi Erika Kirk.
Aniqlanishicha, Erika Kirk va uning bir yoshli o‘g‘li, uch yoshli qizi eri otib tashlangan vaqtda tomoshabinlar orasida bo‘lgan.
Ma’lumot o‘rnida, Erika Kirk tadbirkor va Miss Arizona USA tanlovi g‘olibasi bo‘lib, hozirda Bibliya tadqiqotlari bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasini himoya qilmoqda. U turmush o‘rtog‘i bilan 2018 yilda tanishgan.
Malikabonu Muhammedova
Live
Barchasi