Tramp tanqid qiladigan telekanallarning litsenziyasini bekor qilmoqchi
Olam
−
19 Sentabr 2025 1926 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp federal hukumat “unga nisbatan noxolis” deb hisoblagan televizion tarmoqlar litsenziyalarini bekor qilishi mumkinligini aytdi. Bu haqda CNBC xabar berdi.
Oq uy rahbari Buyuk Britaniyaga safaridan qaytayotgan Air Force One bortida jurnalistlarga bayonot bergan. Uning so‘zlariga ko‘ra, aksar ommaviy axborot vositalari unga “yomon obro‘” berib, “Demokratik partiyaning og‘zi” vazifasini bajaradi.
Bir kun avval Amerikaning ABC televizion tarmog‘i Jimmi Kimmelning konservativ faol Charli Kirkning o‘ldirilishi haqidagi izohidan keyin ko‘rsatuvini “noma’lum muddatga to‘xtatib qo‘ygandi”. Federal aloqa komissiyasi raisi Brendan Karr ABC litsenziyasi xavf ostida bo‘lishi mumkinligiga ishora qildi.
Tramp, xususan, Jimmi Kimmel va CBS boshlovchisi Stiven Kolbertning o‘zini tanqid qilganiga murojaat qilib, ularning shoulari “Trampni tanqid qilishdan boshqa hech narsa qilmayapti” deb da’vo qildi. Uning qo‘shimcha qilishicha, yakuniy qaror u “vatanparvar” va “qattiqqo‘l” deb ta’riflagan Karrga bog‘liq.
“Qayerdadir o‘qigandimki, tarqmoqlardan foydalanuvchi kishilarning 97 foizi menga qarshi edi. Yana yetmaganidek, 97 foizning barchasi salbiy va shunga qaramay, men yettita ana shunday shtat aholisining barchasini osonlik bilan saylovda yutib oldim. Telekanallar meni faqat yomon kilib ko‘rsatishadi. Ular litsenziya olishyapti. Menimcha, ularning litsenziyasi bekor qilinishi kerak. Buni Brendan Karr hal qiladi”, degan Prezident.
Federal aloqa komissiyasining litsenziyalari ABC, CBS, NBC va “Fox News” kabi televizion kanallar uchun talab qilinadi. Kabel tarmoqlaridan farqli o‘laroq, ularning eshittirishlari tomoshabinlar uchun bepul va jonli efirda uzatiladi.
Federal aloqa komissiyasi litsenziyalarni “jamoat manfaatlari” standartiga javob bermasa bekor qilish huquqiga ega. Biroq “The New York Times” ta’kidlaganidek, bunday qarorlar juda kam uchraydi va deyarli sud jarayonlariga olib keladi, chunki AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatish so‘z erkinligini kafolatlaydi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 sentyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp xotini Melaniya Tramp bilan birgalikda Buyuk Britaniyaga ikkinchi bor davlat tashrifi bilan borgandi.
Live
Barchasi