Tramp saylovda g‘olib bo‘lsa, Yevropadan tovon puli undirmoqchi
Olam
−
19 iyul 2023 6943 1 daqiqa
AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp yangi muddatga davlat rahbari etib saylansa, AQSH tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun Yevropa davlatlaridan tovon puli talab qilishga va’da berdi. Bu haqda u saylovoldi videomurojaatida ma’lum qildi.
“Yevropa davlatlariga murojaat qilib, Ukrainaga berilgan qurol-yarog‘ zaxiralarini tiklash xarajatlarini qoplashini so‘rayman. Buni hozir qilish kerak, biroq u (AQSH Prezidenti Jo Bayden) juda zaif va uni hurmat qilishmaydi”, deydi Tramp.
Sobiq Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, hozir Yevropa Ukrainaga AQSHdan ancha kam miqdorda harbiy yordam beryapti.
“Biz Ukrainaga yordam berish uchun allaqachon 200 milliard dollar sarfladik”, deydi Donald Tramp.
Shuningdek, u AQSH Prezidenti Baydenni dunyoni Uchinchi jahon urushi sari yetaklashda aybladi.
"Bu layoqatsiz rahbar bizni Uchinchi jahon urushiga tortmoqda", deydi Tramp.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tramp o‘zini Uchinchi jahon urushining oldini oladigan yagona shaxs deb atagandi. Shuningdek, mamlakatning sobiq rahbari uning Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan suhbati Ukraina urushini bir necha yilga kechiktirganini da’vo qilgandi.
Live
Barchasi