Tramp savdo urushida to‘siqqa uchradi. Xitoy yon berishni istamayapti
Tahlil
−
12 aprel
9089Yadro urushida g‘oliblar bo‘lmaydi deyishadi. Hech kim g‘alaba qozonmaydigan va taraflarning birontasiga naf keltirmaydigan yana bir shunday to‘qnashuv mavjud. Bu asosiy quroli ko‘tarilgan bojlar hisoblanmish savdo urushidir. Tramp tomonidan fevral oyida asta-sekin start berilgan bu mojaro bugunga kelib kutilganidan ortiq keskinlashdi. Iqtisodiy sferada kechayotgan bu jarayon bir necha 10 yilliklardan buyon shakllangan dunyo siyosiy tizimini tubdan o‘zgartirish ehtimoli juda yuqori. Chunki mazkur mojarodagi tomonlar ayni damda ikkita: AQSH va yer yuzidagi quruqlikning qolgan qismi. Jarayon aynan shunisi bilan qiziq ko‘rinish oldi. Bundan tashqari, bir necha yillar ilgari kimdir taxmin qilsa, hech kim ishonmaydigan voqealar aynan shu savdo urushining ortidan reallikka aylanishga yaqin. Yevropa Ittifoqi va Xitoyning AQSHga qarshi birlashuv ehtimoli, Markaziy Osiyo mintaqasi Ko‘hna qit’aning Trampga javob zarbasida asosiy o‘rinlardan birini egallashi mumkinligi va hokazolar shular jumlasidandir.
“Urush”ning ilk kunlari
AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 20 yanvar kuni inauguratsiya marosimida aytgan rejasiga muvofiq fevral oyida Meksika, Kanada va Xitoydan keladigan tovarlarga yangi boj tariflarini joriy etdi. Nishondagi ushbu 3 davlat Trampning bu harakatiga o‘z noroziliklarini bildirdi. Meksika va Kanada esa Trampning migratsiya va narkotrafik masalalaridagi talabini qondirish evaziga bu qarorni 1 oyga muzlatishga erishdi. Biroq muddat o‘z yakuniga yetgach, qaror o‘z kuchida qoldi va dunyo miqyosida yangi “urush”ni boshlab berdi. Dastlab, 10-25 foiz atrofida joriy qilingan yangi tariflar vaqt o‘tib Trampni qoniqtirmadi. 2 aprel kuni AQSHning amaldagi Prezidenti butun dunyo bo‘ylab deyarli barcha davlatlarga boj stavkalarini joriy qildi. Ularning soni 185 tadir. Bundan pingvinlardan boshqa birov yashamaydigan orol ham chetda qolmadi. Eng yuqori bojlar Xitoy, Vetnam va Kambodja mahsulotlariga qo‘llanildi. Donald Tramp AQSH iqtisodiyotida favqulodda holat e’lon qilib, shu orqali bojlarni belgilash bo‘yicha keng vakolatlarga ega bo‘ldi.
Oq uy rahbariga ko‘ra, AQSH boshqa davlatlarning Amerika mahsulotlariga nisbatan qo‘llayotgan umumiy boj stavkalarini hisoblab chiqadi va shunga mos ravishda uning yarmiga teng stavkani o‘rnatishini e’lon qildi. Bunda Yevropa Ittifoqiga 20 foiz, Tayvanga 32 foiz, Janubiy Afrikaga 30 foiz va boshqalarga ham ular AQSH tovarlariga nisbatan qo‘ygan tariflarning teng yarmi ko‘rinishida boj joriy qilish ko‘zda tutildi.
Tramp hatto hech kim yashamaydigan Xerd va MakDonald orollariga ham 10 foizlik boj qo‘ydi. Ushbu orollarda pingvinlardan bo‘lak hech kimsa istiqomat qilmaydi. Dunyodagi eng olis quruqlik joylashgan hudud Hind okeanining janubiy qismida bo‘lib, bu yer Xerd va MakDonald orollaridan iborat. Ular Avstraliyaning tashqi hududlari hisoblanadi. Trampning nega bu kimsasiz orollarga ham boj joriy qilish sababi keyinchalik izohlandi. Orollarga bojlar u yerdan boshqa bir davlat tranzit sifatida foydalanmasligi uchun joriy qilingani aytildi. Bundan tashqari, 3 apreldan boshlab AQSH yengil avtomobillar, yengil yuk mashinalari va avtoulov ehtiyot qismlari importiga ham 25 foiz boj joriy qildi. Bu davlatlarga belgilangan umumiy tariflardan tashqari joriy qilinadigan alohida bojdir.
Ammo eng murakkab jarayon bular emas. Tramp ochgan savdo urushidagi asosiy nishon Xitoy bo‘lib qolmoqda. Yuqorida Xitoyga 34 foizlik tarif joriy qilingani haqida so‘z bordi. Biroq bu umumiy miqdor emas. Chunki AQSH Moliya vaziri Skott Bessent Trampning Xitoyga nisbatan joriy etgan yangi boj stavkalari avvalgilarga qo‘shilishi va natijada oldingi 20 foizlik miqdor bilan Xitoy importiga qo‘llaniladigan umumiy boj 54 foizga yetganini aytdi. Bu esa ayni damdagi savdo urushini rostmanasiga o‘t oldirdi.
2 apreldagi yangilikdan keyin Xitoy, Kanada va Yevropa Ittifoqini hisobga olmaganda, ko‘plab dunyo davlatlari o‘z munosabatini bildirdi, ammo bu bayonotlar juda vazmin va ehtiyotkorona ko‘rinishda bo‘ldi. Ular siyosiy etiketdan ancha yiroq bo‘lgan Trampga dushman bo‘lib qolishdan cho‘chishi ko‘rinib turibdi va bu yo‘lda “qariya”ning nishoniga aylanib qolmaslik hozir eng ustuvor masalalardan biriga aylangani tabiiy.
Savdo urushida chetda qolmagan O‘zbekiston
2008 yilda AQSHda ipoteka sohasidagi inqiroz tufayli sodir bo‘lgan global moliyaviy qulashdan o‘sha paytlarda dunyo uchun allaqachon yopilgan O‘zbekiston ma’lum ma’noda chetda qolgani aytiladi. Ammo bu yo‘l oqibatida O‘zbekiston XXI asrning birinchi dekadasidagi “iqtisodiy o‘sishlar”da ko‘pirtirilgan raqamlardan bo‘lak aytarli natija olmagani ham hech kimga sir emas. Bugun esa mamlakat o‘zining yangi qiyofasi bilan global jarayonlarning bir chetida emas, balki uning ayni ichida va muhim rollarda gavdalanyapti. Xususan, 3-4 aprel kunlari Samarqandda o‘tkazilgan tarixdagi ilk “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti oldidan Yevrokomissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen mazkur sammitni Yevropaning AQSH bojlariga javob berish strategiyasining bir qismi deb atadi. “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti Yevropa Ittifoqining xorijiy hamkorlar bilan savdo munosabatlarini diversifikatsiya qilish strategiyasi doirasida AQSH bojlariga javob berish elementlaridan biri sifatida ko‘rib chiqilganini ta’kidladi. Bu esa YeI yangi hamkorlar va yangi bozorlar qidirib, Markaziy Osiyoga yuzlangani, bunda esa O‘zbekiston muhim nuqtaga aylanganidan dalolatdir.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning o‘zi ham 9 aprel kuni hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishida tobora keskinlashib borayotgan global savdodagi mojaroga raqamlar bilan to‘xtalib o‘tdi. Unga ko‘ra, so‘nggi uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar mablag‘ yo‘qotilgan va dunyo iqtisodiyotida hozir favqulodda vaziyat kuzatilmoqda.
“Bu tebranishlar bizga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganlar adashadi. Axir, bu mablag‘larni bir qismi bizga investitsiya, kredit, yevrobond orqali kirib kelishi mumkin edi-ku!” dedi Prezident.
Bu sharoitda barcha hokimlar iqtisodiy kompleks hududlar iqtisodiyotini kunlik tahlil qilishi, ishlab chiqarish hajmlari, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish masalalari bilan tizimli shug‘ullanishi kerakligi qayd etildi. Iqtisodiy kompleks mas’ullariga har hafta tarmoqma-tarmoq muammolarni tahlil qilish va yangi takliflar kiritish, tuman va viloyat hokimlariga o‘z hududida tadbirkorlar masalalariga yechim topib borish topshirildi.
Trampning yangi tariflari O‘zbekistonga qanday ta’sir qilgani esa alohida masala. Bu borada O‘zbekiston eng kam zarar ko‘radigan “omadli davlatlar” qatoridan o‘rin oldi. Chunki Birlashgan Qirollik, Misr, Turkiya, Kolumbiya, Peru, Argentina, Chili, Singapur va O‘zbekiston kabi davlatlar uchun minimal 10 foizlik asosiy boj belgilandi. Ammo Xitoy bilan 200 foizlik tarif dovoniga yaqinlashayotgan Trampning choralari O‘zbekistonga bevosita bo‘lmasa-da, bilvosita ta’sir qilishi mumkin. Chunki AQSH va Xitoy o‘rtasida Donald Trampning birinchi mandati davomida kechgan savdo urushi O‘zbekiston iqtisodiyotiga ham ta’sir ko‘rsatgan. 2018 yilda joriy etilgan tariflar O‘zbekistonning Xitoyga eksportini qisqartirgan, importni esa oshirgan edi.
Jahon bozorlaridagi “nokdaun”
Donald Trampning AQSHga kiradigan barcha tovarlarga boj solish va Qo‘shma Shtatlarning eng yirik savdo hamkorlariga alohida tariflar joriy etish haqidagi qarori mamlakatdagi fond bozorining qulashiga olib keldi. “The Wall Street Journal”ning yozishicha, bunday salbiy holat pandemiyadan beri kuzatilmagan. Masalan, 3 aprel kungi savdo boshida S&P 500 indeksi 4 foizdan ko‘proqqa, Nasdaq – 4,9 foiz, Dow Jones – 3,7 foizga, kichik kapitalizatsiyali kompaniyalarni o‘z ichiga olgan Russell 2000 indeksi esa deyarli 7 foizga qulagan. AQSHning eng yirik kompaniyalari aksiyalari 2 trillion dollarga arzonlashgan. AQSH bozorining umumiy kapitalizatsiyasi 2,7 trillion dollarga kamaygan – bu 2020 yildan beri eng yirik ko‘rsatkichdir. Apple aksiyalari ham 9,5 foizga tushib ketdi. Bunga kompaniyaning asosiy zavodlari eng keskin tariflarga duchor bo‘lgan Xitoyda joylashgani sabab bo‘ldi. Oqibatda kompaniya qiymati 300 milliard dollarga kamaydi. Yo‘qotish faqat aksiyalarda emas, kompaniya smartfonida ham kuzatiladi. Aniqrog‘i, bu yo‘qotish Apple uchun emas, “Tramp jon kuydirayotgan” AQSH fuqarolari uchun juda og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi kutilyapti. Sababi, taxminlarga ko‘ra, Iphone'ning so‘nggi modellari 3,5 ming dollargacha oshishi mumkin.
Bundan tashqari, Xitoy mahsulotlariga to‘la bo‘lgan Target va Dollar Tree chakana savdo tarmog‘i aksiyalari 12 foizdan ortiq quladi. Amazon kapitalizatsiyasi 165 milliard dollarga, Nvidia’niki esa 183 milliard dollarga kamaydi.
“The New York Times” nashriga ko‘ra, Trampning eng yirik donorlaridan ayrimlari milliardlab zarar ko‘rgan: Tesla aksiyalari qulashidan Ilon Mask 6 milliard dollar yo‘qotgan bo‘lsa, Blackstone Group investitsiya fondi rahbari Stiven Shvarsman 3 milliard dollardan ayrilgan.
“Forbes” xabariga ko‘ra, Trampning o‘zi ham bu tariflari ortidan qisqa vaqt ichida yarim milliard dollar yo‘qotgan.
So‘nggi uch yildagi eng katta pasayishni neft bozori boshdan kechirdi. Brent markali neft fyucherslari 7 foiz arzonlashib, barreli 70 dollardan pastga tushdi. Keyinchalik bu narx 59 dollargacha tushdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, boj tariflari hajmi kutilganidan ancha yuqori bo‘lib chiqqan. Xususan, Oq uy hisob-kitoblariga bo‘yicha ular kelasi 10 yil ichida AQSH byudjetiga 6 trillion dollar olib keladi va 2024 yilda misli ko‘rilmagan 3 trillion dollarga yetgan byudjet taqchilligini qisqartiradi. 2025 yilda esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilgi rekordlarni yangilashi kutilmoqda. JP Morgan tahlilchilariga ko‘ra, bu Trampning qarori 1960 yillar oxiridan buyon AQSHda eng yirik soliq islohoti bo‘lib, byudjetni to‘ldirish evaziga AQSH va Yevropa Ittifoqida retsessiya (iqtisodiy o‘sishning to‘xtashi yoki pasayishi davri), jahon bo‘yicha esa stagflyatsiyaga (iqtisodiy o‘sish bo‘lmayotgan holda, narx-navo keskin oshib borayotgan iqtisodiy holat) olib kelishi mumkin. Trampning tariflari Osiyo fond bozorlarini “majruh” qildi. BBC xabariga ko‘ra, Osiyo – Tinch okeani mintaqasi fond bozorlari o‘tgan hafta AQSH Prezidenti tomonidan e’lon qilingan tariflar oqibatida shiddat bilan pasayishda davom etmoqda. Ma’lum qilinishicha, Tinch okeani mintaqasining 13 mamlakatidan yirik va o‘rta kapitallashuvga ega kompaniyalarni o‘z ichiga olgan MSCI MSCI Asia Pacific indeksi 2008 yildan beri eng kuchli pasayishni ko‘rsatgan (-7,1 foiz), Yaponiyaning Nikkei 225 esa “ayiq bozori” zonasiga kirgan – ya’ni avvalgi maksimal ko‘rsatkichdan 20 foiz yoki undan ko‘proqqa pasaygan. Butun dunyo bo‘ylab sotiladigan tovarlarning aksariyati Osiyoda ishlab chiqarilgani sababli, Osiyo mamlakatlari va hududlari AQSH tomonidan joriy etilgan tariflardan to‘g‘ridan to‘g‘ri aziyat chekmoqda. Ular, shuningdek, global savdo urushi dunyoning eng yirik iqtisodiyotida pasayish yoki hatto tanazzulga olib kelishi mumkinligidan xavotirda. Uoll-stritdagi investitsiya kompaniyalari Tramp ma’muriyatining tariflar haqidagi e’lonlari fonida o‘z prognozlarini qayta ko‘rib chiqqan. JP Morgan tahlilchilari AQSH va dunyoda retsessiya ya’ni iqtisodiy o‘sish sur’atining sekinlashish ehtimolini 60 foiz deb baholagan.
AQSHga taxtdan tushish chaqirig‘i
Kanada Bosh vaziri Mark Karni AQSHga qarshi javob bojlarini joriy qilganini va Ottava Vashington o‘rniga dunyo yetakchisi bo‘lishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSHning global ta’siri zaiflashayotgan bir vaqtda Kanada davlatlarning yangi koalitsiyasiga yetakchilik qilishga tayyor.
Shuningdek, Karni Amerika Qo‘shma Shtatlarining 80 yillik yetakchilik davri nihoyasiga yetganini qayd etgan va ishonch hamda erkin savdo asosida tuzilgan ittifoqlar davri ortda qolganini ta’kidlagan. Bundan tashqari, u AQSHdan import qilinadigan yengil va yuk avtomobillariga 25 foizlik boj joriy etilishini e’lon qilgan. Mark Karnining hisob-kitoblariga ko‘ra, bu tariflar byudjetga 5,7 milliard dollar qo‘shimcha daromad keltiradi. Bu joriy yilning 4 mart kuni Kanada tomonidan AQSH mahsulotlariga qo‘yilgan 25 foizlik bojlar orqali kelgan taxminan 42 milliard dollarga qo‘shimcha bo‘ladi.
Kanada Bosh vazirining aytishicha, bojlar avtomobil qismlari importiga taalluqli bo‘lmaydi, shuningdek, Stellantis, Ford va General Motors kabi avtomobil ishlab chiqaruvchilarga Kanadadagi ishlab chiqarishlari hisobiga avtomobillarni boj to‘lamasdan olib kirish imkoniyati saqlanib qoladi.
Xitoy esa Tramp keltirib chiqargan boj inqiroziga muammo emas, balki imkoniyat sifatida qarashga harakat qilyapti. Dunyo aksar davlatlari AQSH Prezidenti tomonidan e’lon qilingan tariflar bo‘yicha imtiyozlar so‘rab muzokaralar olib borayotgan bir paytda, Xitoy butunlay boshqacha yo‘l tutmoqda. Shu choqqacha 70 dan ortiq davlat bojlar yuzasidan muzokara qilish haqida AQSHga murojaat yo‘llagan bo‘lsa, Xitoy bu urushni oxiriga yetkazib qo‘yishga tayyorligini kerakli joylarga bildirib qo‘ydi. Trampning bozorni larzaga solgan bojlar haqidagi bayonotidan atigi 48 soat o‘tishi bilan dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot — Xitoy xuddi Kanada kabi AQSH tovarlari va kompaniyalariga qarshi jazo choralarini joriy etdi. Xitoy Davlat kengashi AQSHdan barcha import uchun 34 foiz qo‘shimcha bojlar joriy etilishini e’lon qildi. Xitoyning mazkur qadami u bu urushga mutlaqo tayyor ekani haqidagi signal sifatida baholanmoqda. Bu xabar Xitoyning ichki auditoriyasi va xalqaro jamoatchilikka davlat OAV va hukumat bayonotlari orqali yetkazildi. Qisqa qilib aytganda, Xitoy savdo urushida g‘oliblar bo‘lmasligi va bu o‘zining asosiy raqobatchisi bo‘lgan okean ortidagi gigantni ham holdan toydirishini yaxshi anglagan holda kurashni davom ettiradi. Biroq bu mojaro ortidan ikki davlat juda ko‘p narsani yo‘qotishini raqamlar aniq ravshan ochiqlab beradi. Xususan, AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo 2024 yili yarim trillion dollar atrofida bo‘lgan.
Yevropani yo‘qotish xavfi
Trampning yangi tariflaridan so‘ng Pekin darhol 34 foizlik bojlar bilan javob qaytardi. Ammo AQSH Prezidenti agar Pekin avvalroq e’lon qilingan qarshi choralardan voz kechmasa, Vashington 9 apreldan Xitoyga qarshi qo‘shimcha 50 foizlik bojlar joriy qilishi haqida Truth Social platformasidagi sahifasida ma’lum qildi. Tramp, shuningdek, Xitoyga tarif siyosati bo‘yicha muzokaralar jarayoni barbod bo‘lishi bilan ham tahdid qildi. Biroq Trampning qo‘rqitishlari Xitoyga ta’sir qilmadi. Chinliklar buni e’tiborsiz qoldirdi. Natijada, 9 apreldan boshlab, AQSH Xitoydan olib kiriladigan mahsulotlarga yana qo‘shimcha boj joriy qildi va cheklovlarning umumiy miqdori 104 foizga yetdi. Dastlab 20, keyinchalik 34 va 50 foizlik import bojlari qisqa vaqt ichida yig‘ilib 100 foizdan oshdi.
Ammo Xitoy ayni mana shu nuqtada kurashishga tayyor ekanligini ritorikadan amaliyotga ko‘chirdi. 9 aprelning o‘zidayoq Xitoy Moliya vazirligi AQSHga nisbatan teng miqdorda 50 foizlik yangi javob chorasini e’lon qildi va bu ilgarigi 34 foizlik cheklov bilan jami 84 foizlik import bojlarini tashkil qildi. Hisob: 104-84.
Biroq bu so‘nggi natijalar emasdi. Oradan biroz o‘tib Tramp kutilmaganda u bilan bojlar masalasida muzokara boshlashga tayyor bo‘lgan 75 ta davlatga 2 aprelda joriy qilingan yangi tariflarni 90 kunga kechiktirishini e’lon qildi. Lekin bu masalada Xitoy aksincha yo‘l tutgani bois unga nisbatan belgilangan miqdor 104 dan 125 foizgacha oshirilgani aytildi. 10 aprelda tarqalgan xabarlarda esa Xitoyga qo‘yilgan tariflar 125 foiz emas, balki AQSH Prezidenti Donald Tramp ixtiyoriga ko‘ra, 145 foizgacha oshirilgani bayon qilindi. Xitoy ham bunga ilgarigisi kabi zudlik bilan javob qaytardi va AQSH mahsulotlariga boj stavkalarini 84 foizdan 125 foizgacha oshirdi. Shu tariqa ikki davlat o‘rtasidagi savdo jangi hozirgacha bo‘lgan vaqt ichida o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.
Ammo mazkur voqeliklar fonida AQSH oldida qator dilemmalar turibdi. Qo‘shma Shtatlar bu sharoitda o‘zining yangi tariflar siyosatidan voz kechadi yoki buning oqibatida Yevropa qit’asini Xitoy bilan jipslashtiradi va ko‘p qutbli dunyo tartibiga o‘z qo‘li bilan rasman yo‘l ochadi. Chunki Tramp kursi ayni damda Yevropa Ittifoqi va Xitoyning bir-biriga yaqinlashuvini zaruratga aylantirmoqda. Bu shunchaki taxmin emas, balki rasmiy doiralarda yangragan signaldir. Xususan, 11 aprel kuni Xitoy Raisi Si Szinpin Pekinda Ispaniya Bosh vaziri Pedro Sanches bilan uchrashuvda Xitoy Yevropa Ittifoqiga ko‘p qutbli dunyoda muhim siyosiy va iqtisodiy kuch sifatida qarashi va mamlakatlar orasida hamkorlikka umid qilishini bildirdi. Siga ko‘ra, Xitoy va YeI o‘zlarining xalqaro majburiyatlarini bajarishi, iqtisodiy globallashuv tendensiyasini va xalqaro savdo muhitini birgalikda himoya qilishi kerak. U Yevropa Ittifoqi va Xitoy Tramp ma’muriyatining tariflariga qarshi birgalikda harakat qilishi kerakligini ta’kidladi.
Ayni damda esa Tramp YeIga ham tariflar bo‘yicha pauza e’lon qilgan, Ittifoq ham o‘z navbatida AQSHga javob choralari qo‘llashni to‘xtatgan. Biroq, Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayenga ko‘ra, AQSH bilan o‘tkaziladigan muzokaralar muvaffaqiyatsizlikka uchragan taqdirda, qarshi choralar yana kun tartibiga qaytadi. Bu esa bir-biriga strategik jihatdan dushmanona ruhda bo‘lgan ikki sub’ektning yaqinlashuv ehtimoli borligini anglatadi. Ustiga-ustak bugun YeI va Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi AQSH va Xitoy o‘rtasidagi aylanmadan ancha ko‘p. Masalan, 2024 yilda Xitoyning Yevropa Ittifoqi bilan savdo aylanmasi 785,82 milliard dollarni tashkil etgan.
Trampning haqiqati va maqsadlari
Tramp ikki tomonlama savdo munosabatlaridagi o‘zaro tenglikning yo‘qligi, jumladan, AQSH savdo balansidagi kamomad mamlakat milliy xavfsizligiga g‘ayrioddiy va favqulodda tahdid solayotganini ta’kidlash orqali o‘zining iqtisodiy favqulodda holat qarorini oqlashga urindi. Tramp bu orqali fabrika va zavodlarni Amerikaga qaytarmoqchiligini ham ochiqladi. U yangi joriy qilingan tariflar tufayli AQSHga o‘z tovarlarini dunyoning turli chekkalaridan turib eksport qiladigan ishlab chiqaruvchilar o‘z ishini Amerikada davom ettirishiga umid qilmoqda. Chunki agar-da ular o‘z fabrika va zavodlarini AQSHda ochsa, shu yerda ishlab chiqarsa, bojlar haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Shuningdek, Tramp bojlar borasida hech kimga tekin yordam berish yoki ularni yumshatish niyatida emas. Hatto Yaqin Sharqdagi “jazmani” Isroilga ham. Bu shu hafta Netanyaxuning Oq uyga tashrifi doirasida Isroilga yaxshigina tushuntirildi.
Undan oldin, 6 aprel kuni Air Force One samolyotida jurnalistlar oldida chiqish qilgan Tramp bozorlarning pasayishi uni xavotirga solmayotganini ma’lum qildi. Tramp biror narsa qulab tushishini xohlamasligi, ammo ba’zida nimanidir to‘g‘rilash uchun dori ichishga to‘g‘ri kelishi haqidagi misol orqali bu bojlar aslida savdolashish va preferensiyalarni qo‘lga kiritish ekanini qaysidir ma’noda bildirib qo‘ydi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, u dam olish kunlari Yevropa va Osiyo yetakchilari bilan suhbatlashgan, ular Trampni shu haftada kuchga kirishi kerak bo‘lgan tariflarni pasaytirishga ko‘ndirishga umid qilmoqda.
Xo‘sh, AQSH bu orqali nimalarga erishmoqchi? Asosiy masala ham shunda. Trampning yangi tariflari ortidan Oq uy hozirda ba’zi maqsadlarni ko‘zlagani ma’lum. Ular qatoriga ichki sanoatni himoya qilish ham kiradi. Jumladan, AQSH texnologiya va avtomobil sanoatini Xitoyning arzon importidan himoya qilishni istayapti. Bundan tashqari, Xitoyning sanoat siyosatiga qarshi o‘ziga xos chora qo‘llash. Bu yerda ko‘p ehtimol demping, ya’ni Xitoyning davlat tomonidan subsidiyalangan yirik kompaniyalarini adolatsiz raqobati tufayli jazolash haqida gap ketyapti. Albatta, xususiy kompaniyalar davlat tomonidan subsidiyalanadiganlar bilan raqobat qilishi mushkul. Bu muammo nafaqat AQSH va Xitoy o‘rtasida, balki butun Jahon savdo tashkiloti va uning ichidagi mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda ham jiddiy muammoga aylangan. Biroq Trampning bu tariflari ortida yana qator maqsadlari bor. Shulardan yana biri bu savdo balansidagi nomutanosiblikni to‘g‘rilashdir. Ya’ni AQSH o‘z savdo hamkorlari bilan teng miqdorda eksport-import munosabatlarini yo‘lga qo‘ymoqchi. Joriy qilingan yangi tariflar ham asosan shunga qarab o‘rnatilgan bo‘lishi mumkin. Masalan, O‘zbekistonga eng kam – 10 foizlik yangi bojlar qo‘yildi. Chunki AQSH va O‘zbekiston o‘rtasidagi eksportda AQSH ustunlik qiladi. Jumladan, 2023 yil hisobiga ko‘ra, AQSHning O‘zbekistonga eksporti 438 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, O‘zbekistonniki bor-yo‘g‘i 103 millionni tashkil qilgan.
LiveBarchasi