Tramp Saudiyaga yadroviy kelishuv doirasida shart qo‘ydi
Olam
−
08:42 1468 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Saudiya Arabistoni bilan fuqaroviy yadroviy energetika bo‘yicha kelishuvni Kongressga yubordi, biroq hujjat amalga kirishi uchun Ar-Riyod Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishi va uni tan olishi kerakligini bildirdi. Bu haqda AQSH ma’muriyati vakili hujjat 24 avgust kuni Kongressga yuborilganini ma’lum qildi.
Kelishuv iyul oyida tuzilgan bo‘lib, u AQSH kompaniyalariga Saudiya Arabistoniga fuqaroviy yadroviy texnologiyalarni eksport qilish imkonini beradi.
“Prezidentning pozitsiyasi o‘zgarmagan: kelishuv Saudiya Arabistoni Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilgan taqdirdagina amalga oshadi”, degan AQSH ma’muriyati vakili.
Ibrohim kelishuvlari 2020 va 2021 yillarda AQSH vositachiligida Isroil hamda Birlashgan Arab Amirliklari, Bahrayn, Marokash va Sudan o‘rtasida munosabatlarni normallashtirish maqsadida tuzilgan. Tramp iyul oyida Saudiya bilan yadroviy kelishuvga erishilganidan bir necha kun o‘tib, uning kuchga kirishi uchun Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishni shart qilib qo‘ygan. Sobiq prezident Jo Bayden ham yadroviy kelishuvni qo‘llab-quvvatlagan va uni Ibrohim kelishuvlari bilan bog‘lashga harakat qilgan.
2023 yilda diplomatlar Saudiya Arabistoni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirishga yaqinlashganini aytgan edi. Biroq o‘sha yil oktyabrda Isroilning G‘azodagi urushi boshlanishi bilan vaziyat o‘zgardi. Saudiya Arabistoni Isroilni tan olishdan oldin Falastin davlatini tashkil etishga olib boruvchi qaytarib bo‘lmaydigan jarayon bo‘lishini talab qilmoqda.
30 yilga mo‘ljallangan yadroviy kelishuv doirasida AP1000 reaktorlarini qurish rejalashtirilgan. O‘nlab milliard dollarlik loyiha Westinghouse kompaniyasiga manfaat keltirishi mumkin.
Kelishuv Kongress rahbarlariga yuborilgan va bugun, 26 avgust kuni qo‘mitalarga taqdim etilishi kutilmoqda. Agar Kongress 90 ish kuni ichida kelishuvni rad etmasa, u kuchga kiradi. Kongress hujjatni rad etgan taqdirda ham Tramp bu qarorga veto qo‘yishi mumkin, bunda vetoni bekor qilish uchun Kongressda uchdan ikki qismining ovozi talab etiladi.
Ayrim demokrat kongressmenlar va yadroviy qurollarni tarqatmaslik tarafdorlari kelishuvni Saudiya Arabistoniga uran boyitish va yadroviy chiqindilarni qayta ishlashni taqiqlamayotgani uchun tanqid qilgan. Bu jarayonlar yadroviy qurol yaratish uchun ehtimoliy yo‘llardan biri hisoblanadi.
AQSH ma’muriyati kelishuvda qonun talab qiladigan yadroviy qurollarni tarqatmaslik choralari mavjudligini bildirmoqda. Yadroviy qurollarni tarqatmaslik siyosati bo‘yicha ekspert Henri Sokolskining ta’kidlashicha, kelishuvni Kongressga taqdim etish jarayoni uni Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish yoki yadroviy tarqalishga oid shartlarsiz amalga oshirish imkoniyatini ham ochib beradi.
“Agar siz uran boyitilishini taqiqlash va Isroilni tan olish masalalariga jiddiy yondashsangiz, bu ideal holat emas”, degan Sokolski.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkiya, Pokiston va Saudiya Arabistoni mudofaa texnologiyalari sohasida hamkorlik qilib, harbiy tajriba almashishi va qo‘shma mashg‘ulotlar o‘tkazishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi