Tramp Putinga o‘t ochishni to‘xtatish uchun 3 kun muhlat berdi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha AQSH taklifiga shu hafta oxirigacha javob berish talabini qo‘ydi. Bu haqda u kecha, 17 aprel kuni jurnalistlarga bergan bayonotida so‘z ochdi.

“Biz ularning javobini shu hafta, juda yaqin orada eshitamiz. Biz xohlaymizki, odamlar o‘ldirilishi to‘xtasin”, dedi Tramp.

Tramp, shuningdek, 24 aprelgacha Vashington va Kiyev AQSHning Ukrainaga harbiy yordam uchun qilgan xarajatlarini qoplash maqsadida tabiiy resurslar bo‘yicha kelishuv imzolashi mumkinligini aytgan. “Bloomberg” manbalariga ko‘ra, bu qarz miqdori muzokaralar davomida uch baravar kamaytirilgan, ya’ni 300 mlrd dollar o‘rniga 100 mlrd dollar etib belgilanishi mumkin.

“Axios” ma’lumotlariga ko‘ra, agar Putin aprel oxirigacha sulhga rozi bo‘lmasa, AQSH yangi sanksiyalar joriy etishga tayyor. “Fox News” esa Trampning Putindan noroziligi oshganini yozmoqda. U Rossiya tomonini muzokaralarni ataylab cho‘zayotganlikda ayblamoqda. Nashrga ko‘ra, Oq uy Rossiyaning “soya floti”ga qarshi qattiq cheklovlarni joriy qilishni ko‘rib chiqmoqda. Tramp bundan oldin Rossiya neftini xarid qilayotgan davlatlarga 500 foiz boj solishi mumkinligini ham aytgan.

Shu bilan birga, bugun, 18 aprel kuni Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi energiya ob’ektlariga zarba bermaslik bo‘yicha kelishuv muddati tugaydi. Rossiya ushbu kelishuvni uzaytirish haqida hali hech narsa demadi. Rossiya Prezidentining yordamchisi Yuriy Ushakovning so‘zlariga ko‘ra, Moskva bu borada AQSHga “muayyan signallarni” yetkazadi.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa Ukrainadagi mojaroni tartibga solish bo‘yicha AQSH bilan muzokaralar murakkab kechayotganini tan olgan.

“Jarayon yetarlicha qiyin kechmoqda”, deydi u.

Peskov bunda Ukraina va “urush lochinlariga aylangan” Yevropa davlatlarini ayblagan.

“The Moscow Times” nashrining Kreml pozitsiyasidan xabardor manbalarga tayanib yozishicha, Putin muzokaralarda maksimal talablarini saqlab qolmoqda.

Mart oxirida Saudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Rossiya delegatsiyasi Donetsk, Lugansk, Zaporoje va Xerson viloyatlari to‘liq, ya’ni ma’muriy chegaralari bilan Rossiya tarkibida bo‘lishi kerakligini talab qilgan. “The Moscow Times” manbasiga ko‘ra, Rossiya, shuningdek, Ukrainaning boshqa hududlarini, masalan, Dnepropetrovsk yoki Sumi viloyatini vaqtincha bosib olib, ularni Xerson yoki Zaporoje viloyatlariga almashishni taklif qilishi mumkin.

Qayd etish joiz, mart oyida AQSH Ukrainada 30 kunlik vaqtincha otashkesim o‘rnatish va keyinchalik urushni to‘liq tugatish bo‘yicha kelishuvga erishishni taklif qilgandi. Kiyev bu taklifni qisman qabul qildi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin esa ushbu tashabbus yuzasidan fikr bildirib, ayrim muhim jihatlarga, jumladan, Ukraina armiyasining qayta qurollanishi xavfini oldini olish zarurligiga e’tibor qaratdi.

AQSHning Rossiya va Ukraina bilan o‘tkazgan alohida maslahatlashuvlari natijasida tomonlar energetika ob’ektlariga nisbatan zarbalarni to‘xtatish, keyinchalik esa Qora dengizdagi hujumlardan voz kechish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Ukrainada davom etayotgan urush oqibatida hayotdan ko‘z yumayotgan odamlar sonini “juda ko‘p” deb baholab, Rossiyani mojaroni hal qilish yo‘lida harakat boshlashga chaqirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing