Tramp Putinni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp Ukrainada zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qildi hamda Moskva va Kiyevni muzokaralarni boshlashga chaqirdi. Bu haqda bugun, 8 dekabr kuni u Truth Social sahifasida yozdi.

Bir kun avval Parijda Zelenskiy bilan uchrashgan Tramp Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy urushni tugatish, “jinnilikka barham berish” uchun Rossiya bilan kelishuvga intilayotganini aytdi. Uchrashuvda Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron ham ishtirok etgandi.

“Asad ketdi. U o‘z mamlakatidan qochib ketgan. Uning himoyachisi Vladimir Putin boshchiligidagi Rossiya endi uni himoya qilishdan manfaatdor emas. Rossiya u yerda bo‘lishiga umuman hech qanday sabab qolmadi. Ular hech qachon boshlanmasligi kerak bo‘lgan va abadiy davom etishi mumkin bo‘lmagan, 600 mingga yaqin rossiyalik askar halok bo‘lgan yoki yaralangan Ukrainadagi urush tufayli Suriyaga bo‘lgan qiziqishlarini butunlay yo‘qotdi”, deya yozgan Tramp.

Tramp darhol o‘t ochishni to‘xtatish va muzokaralar boshlanishi kerakligini ham yozib qoldirgan.

“Juda ko‘p hayot behuda ketmoqda, juda ko‘p oilalar vayron qilinmoqda va agar bu davom etsa, u yanada kattaroq va undan ham yomonroq narsaga aylanishi mumkin. Men Vladimirni yaxshi bilaman. Bu uning harakat qilish vaqti. Xitoy yordam berishi mumkin. Dunyo kutmoqda!”, deya so‘zlarini yakunlagan saylangan prezident.

Zelenskiy avvalroq Telegram'da Tramp va Makronga “samarali uchrashuv” uchun minnatdorchilik bildirib, “Prezident Tramp har doimgidek qat’iyatli” va ular “ishni davom ettirishga kelishib olganini” ta’kidlagan.

“Biz xalqimiz, jang maydonidagi vaziyat va Ukraina uchun adolatli dunyo haqida gaplashdik, hammamiz bu urushni imkon qadar tezroq va adolatli tugatishni xohlaymiz”, deb yozgan Zelenskiy.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Parijda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron hamda AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘rtasidagi uchrashuv bo‘lib o‘tgandi. Makron, Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi uchrashuv yakuniy bayonotsiz boshlanganidan 20 daqiqa o‘tib yakuniga yetdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, uchrashuv bo‘yicha kelishuv deyarli u boshlanishidan oldin tuzilgan. Ukraina Prezidentining spikeri Sergey Nikiforovning aytishicha, siyosatchilar 35 daqiqa suhbatlashgan. Suhbat tafsilotlari oshkor etilmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Ukraina Zelenskiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing