Tramp Putin bilan urush oxiriga yaqin uchrashmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashishni istashini, biroq bu muloqot Ukrainadagi urush yakuniga yaqinlashgan paytda o‘tkazilishi kerakligini aytdi. Bu haqda AQSH rahbari Oq uyda jurnalistlar savollariga javob berayotganida so‘z ochdi.

Tramp Ukrainadagi urush umuman boshlanmasligi kerak edi, deb hisoblashini ta’kidlagan. Uning fikricha, agar 2020 yilgi AQSH prezidentlik saylovlari soxtalashtirilmaganida, Ukrainada urush yuz bermagan bo‘lar edi.

“Men 2016 yildan 2020 yilgacha u yerda bo‘ldim. Putin bilan gaplashardim, ammo bu hech qachon sodir bo‘lmas edi. Bunga hech qanday imkoniyat yo‘q edi”, degan Tramp.

AQSH Prezidenti urushni “aqlsizlik” deb atagan. Uning aytishicha, har oy o‘rtacha 25 ming nafar harbiy halok bo‘lmoqda.

“Bu butun bir stadion ekanini tasavvur qila olasizmi? O‘rtacha 25 ming kishi”, degan u.

Tramp halok bo‘layotganlar orasida ukrainaliklar ham ko‘p ekanini ta’kidlagan. Shu bilan birga, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari hujum qilayotgani sababli rus harbiylari orasidagi yo‘qotishlar ham yuqori bo‘lishi mumkin.

“Rossiyaliklar ham ko‘p halok bo‘lmoqda. Ehtimol, ruslar ko‘proqdir, chunki ular oldinga siljimoqda. Ular mudofaa qilmayapti, hujum qilmoqda, hujum vaqtida esa ko‘proq odam halok bo‘ladi. Ammo ukrainalik va rossiyalik harbiylarning juda ko‘pi halok bo‘lmoqda. Ular bu ahmoqona urushni to‘xtatishi kerak”, degan Tramp.

Tramp, shuningdek, prezidentligi davrida “sakkizta urushni to‘xtatgani” haqidagi da’vosini yana bir bor takrorlagan. U ayrim mojarolarni tugatish Ukrainadagi urushga qaraganda ancha murakkab bo‘lganini aytgan.

AQSH rahbari Rossiya va Ukraina prezidentlari o‘rtasida “juda katta adovat” mavjudligini ham ta’kidlagan. Biroq Tramp ikki tomon ham urushni tugatishga yaqinlashgan, deb hisoblashini bildirgan.

“Men ikkalasi bilan ham ishlayapman va ular buni to‘xtatadi, deb o‘ylayman”, degan u.

Tramp Rossiya Prezidenti bilan sammit o‘tkazishni xohlashini, ammo bu uchrashuv tinchlik kelishuvini tuzish uchun sharoit paydo bo‘lganidan keyin o‘tkazilishi kerakligini ta’kidlagan.

“Men Rossiya, Ukraina – hamma bilan yaxshi munosabatlarga ega bo‘lishimizni xohlayman. Bu biznes uchun ham juda yaxshi bo‘lar edi. Rossiyaning ulkan hududlari va juda qimmatli yerlari bor, u yerda ko‘p yaxshi ishlar amalga oshirilmoqda”, degan AQSH Prezidenti.

Tramp, shuningdek, Putin bilan uchrashuvni istalgan paytda tashkil qilish mumkinligini aytgan. Biroq u sammitni “urush tugay boshlaganida” o‘tkazishni xohlashini va bu vaqt kelishiga ishonishini bildirgan.

“Biz uchrashuv o‘tkazishimiz mumkin. Ishoning, men buni darhol tashkil qila olaman. Ammo men bu uchrashuvni urush tugay boshlaganida o‘tkazishni xohlayman. Menimcha, shunday bo‘ladi”, deya xulosa qilgan Tramp.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni Donbassni to‘liq egallash kabi minimal maqsadga erishmasdan yakunlash o‘z hayoti uchun xavf tug‘dirishidan xavotirda ekani haqida xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing