Tramp Putin bilan uchrashuvini bekor qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Budapeshtda bo‘ladigan uchrashuvni bekor qilganini aytdi. Bu haqda u kecha, 22 oktyabr kuni NATO Bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

“Biz Putin bilan uchrashuvni bekor qildik. Menga shunday taassurot paydo bo‘ldi-ki, bu noto‘g‘ri. Menga shunday tuyuldi-ki, biz yetishimiz kerak bo‘lgan nuqtaga yetolmaymiz. Shuning uchun uchrashuvni bekor qildim. Ammo kelajakda bu amalga oshiriladi”, degan Oq uy rahbari. 

Tramp, shuningdek, Rossiya Prezidenti Ukrainadagi urushni to‘xtatmoqchi ekaniga ishonishini aytgan.

“Menimcha, Putin va Zelenskiy ham tinchlikni xohlashadi. Bu urushni tugatish vaqti keldi, agar men Prezident bo‘lganimda, bu urush hech qachon boshlanmagan bo‘lardi”, deya urg‘uladi Tramp. 

Biroq u Rossiya bilan urushni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar sekin kechayotgani sababli ranjiganini ham bildirgan. 

“Har safar Putin bilan gaplashaman, yaxshi suhbat bo‘ladi, lekin natija bo‘lmaydi”, degan AQSH Prezidenti. 

Shu bilan birga, AQSH Davlat departamenti va delegatsiyalar o‘rtasida rejalashtirilgan muzokaralar ham qoldirilgan. 

Budapeshtdagi uchrashuv Tramp va Putin o‘rtasidagi 16 oktyabr telefon suhbatida kelishilgan, ammo aniq sana belgilanmagan edi. Keyinchalik, 21 oktyabr kuni OAVda sammit bekor qilingani xabar qilindi. Bu qaror 20 oktyabrda AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasidagi telefon suhbatidan keyin qabul qilingani aytilmoqda.

Tramp ham, Putin ham uchrashuv bo‘lmasligiga kichik ishora qilgan edi, lekin Vengriya tomoni tayyorgarlik davom etayotganini ro‘kach qilib, OAVda tarqatilayotgan xabarlar yolg‘on ekanligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Ukraina Budapesht Mark Ryutte

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing