Putin-Tramp uchrashuvi bekor qilindi
Olam
−
21 Oktabr 11732 2 daqiqa
Vashington Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Oq uy rahbari Donald Tramp o‘rtasidagi sammitga tayyorgarlikni to‘xtatdi. Bu haqda NBC News muxbiri Garret Xaake Oq uyning yuqori martabali mulozimiga tayanib ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiya va AQSH Prezidentlari o‘tgan haftada o‘tkazilgan telefon qo‘ng‘irog‘idan so‘ng ushbu qarorga kelgan. Vaziyatdan xabardor yevropalik diplomatlarga ko‘ra, Tramp hozirda na Rossiya, na Ukraina muzokaralarda oldinga siljishga tayyor emas, deb hisoblaydi.
“Reuters”ning yozishicha, Tramp yaqin ikki hafta ichida o‘tkazishni umid qilgan Budapeshtdagi uchrashuv Putin o‘zining radikal talablaridan voz kechishga tayyor emasligi ayon bo‘lgach, shubha ostiga qo‘yildi. Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov va Davlat kotibi Marko Rubio o‘rtasida shu haftaga mo‘ljallangan tayyorgarlik uchrashuvi bekor qilindi. Bu amerikaliklar sammitni olg‘a siljishga tayyor emasligini anglatadi.
16 oktyabr kuni AQSH Prezidenti Vengriyada Putin bilan uchrashishini ma’lum qilgandi. Muzokaralarning aniq sanasi hali belgilanmagandi. Uchrashuv kuni noma’lum bo‘lsada, Budapesht unga juda a’lo darajada o‘tkazish uchun tayyorgarlikni boshlab yuborgandi. Hattoki, Vengriya Tashqi ishlar vaziri Peter Siyyarto Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashish uchun Budapeshtga tashrifi chog‘ida Xalqaro jinoiy sud (XJS) buyrug‘i asosida hibsga olinishi xavfi yo‘qligini ma’lum qildi.
Vengriya 1999 yilda Xalqaro jinoiy sudning asosini tashkil etuvchi Rim statutini imzolagan va 2001 yilda uni ratifikatsiya qilgan, biroq 2023 yildayoq mamlakat rasmiylari Putin tashrif buyurgan taqdirda u hibsga olinmasligini aytgan.
2025 yilda Vengriya hukumati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuni mamlakatga taklif qildi. Netanyaxuning tashrifi ortidan Vengriya Xalqaro jinoiy suddan chiqishini e’lon qildi. 2025 yilning oktyabr holatiga ko‘ra, Vengriyaning XJSdan chiqishi tugallanmagan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan Tojikistonga kelgandi. Ammo Rahmon hukumati Putinni hibsga olmadi. Yevropa Ittifoqi Putinni hibsga olmagani uchun Tojikistonni Xalqaro jinoiy sud talablarini bajarmaganlikda aybladi. Sababi Tojikiston 2002 yildan beri Xalqaro jinoiy sud a’zosi sanaladi.
Live
Barchasi