Tramp Putin bilan 2 soat gaplashdi. Natijalar qanday?

Olam

image

Bugun, 19 may kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan Ukrainadagi Rossiya urushini tartibga solish masalasida telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda ikkala tomon rasmiylari ham ma’lumot berdi.

Xalqaro axborot agentliklari Ukrainadagi Rossiya urushini tartibga solish masalasiga bag‘ishlangan muzokaralar ikki soatdan ko‘proq davom etganini yozdi. 

Sochida bo‘lib o‘tgan matbuot brifingida so‘zlagan Putin Tramp bilan bo‘lgan suhbatni “ochiq va mazmunli” deb atadi va Tramp Rossiyaning Ukrainadagi inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilishga sodiqligini tan olganini ta’kidladi.

Davlat rahbari Trampga Moskva va Kiyev o‘rtasida Istanbulda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni qayta tiklashni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorlik bildirib, AQSH Prezidenti ikki tomon o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bayon qilganini ta’kidladi.

“AQSH Prezidenti o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha o‘z pozitsiyasini bildirdi va o‘z navbatida, Rossiya ham Ukraina inqirozini tinch yo‘l bilan hal etish tarafdori ekanini ta’kidladi, faqat tinchlikka erishishning eng samarali yo‘llarini belgilash zarur”, dedi u.

Ukraina bilan sulh, Putinning so‘zlariga ko‘ra, agar tegishli kelishuvlarga erishilsa, mumkin bo‘ladi va Rossiya ham, Ukraina ham o‘zaro maqbul murosalarni topishi kerak.

“Biz AQSH Prezidenti bilan kelishib oldikki, Rossiya Ukraina tomoniga kelgusida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tinchlik shartnomasi bo‘yicha bir qator pozitsiyalarni, masalan, kelishuv tamoyillari, mumkin bo‘lgan tinchlik bitimini imzolash muddatlari, jumladan, ma’lum kelishuvlarga erishilgandan so‘ng ma’lum muddat davomida o‘t ochishni to‘xtatish imkoniyatini belgilovchi memorandumni taklif qiladi va u bilan ishlashga tayyor. Uchrashuv ishtirokchilari o‘rtasidagi aloqalar va Istanbuldagi muzokaralar qayta tiklandi, bu esa, umuman olganda, biz to‘g‘ri yo‘nalishda ketyapmiz, deyishga asos beradi”, dedi u.

Putinning qo‘shimcha qilishicha, Tramp bilan suhbat haqida batafsil ma’lumotni keyinroq Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov yoki Prezidentning xalqaro masalalar bo‘yicha yordamchisi Yuriy Ushakov beradi.

Trampning o‘zi esa Truth Social'dagi sahifasida Putin bilan suhbat “juda yaxshi” o‘tgani va uning “ohangi va ruhi” “a’lo darajada” ekanini yozdi. Tramp Rossiya va Ukraina zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va urushni tugatishga olib keladigan muzokaralarni boshlashini ma’lum qildi.

“Shartlar har ikki tomon tomonidan muhokama qilinadi”, dedi u.

Bundan tashqari, Tramp Rim papasi Leo XIV vakilligidagi Vatikan ushbu muzokaralarda vositachilik qilishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya urush tugaganidan so‘ng AQSH bilan “har tomonlama savdo-sotiq”ni qayta tiklashga intilmoqda va u bunday rejalarga “qo‘shiladi”.

“Rossiyada juda ko‘p ish o‘rinlari va boylik yaratish uchun ulkan imkoniyat mavjud. Uning imkoniyatlari cheksizdir.

O‘z navbatida, Ukraina savdoda, mamlakatni tiklash jarayonida katta foyda oluvchiga aylanishi mumkin”, deb ishonadi Tramp.

Oq uy rahbari Putin bilan suhbatdan so‘ng Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy, Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen, Germaniya kansleri Fridrix Mers, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron, Italiya Bosh vaziri Jorjiya Meloni va Finlyandiya Prezidenti Aleksandr Stubbga ushbu telefon suhbatining mazmuni darhol ma’lum qilinganini qo‘shimcha qildi .

Ayni paytda Rossiya prezidenti yordamchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, Putin va Tramp “9ga 9” formulasi asosida mahbuslar almashinuvini muhokama qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, suhbat samimiy va konstruktiv o‘tgan, Prezidentlar shaxsiy uchrashuv o‘tkazishni istisno qilmagan. Biroq, uning vaqti va joyi hali belgilanmagan.

“Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha mumkin bo‘lgan kelishuvga erishish muddati ham muhokama qilinmagan”, deya qo‘shimcha qildi Ushakov.

Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Livitt qo‘ng‘iroqdan oldin Trampning maqsadi “bu mojaroga barham berish” ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika yetakchisi “har ikki tomonning (harakatlaridan) charchagan va hafsalasi pir bo‘lgan”.

Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa muloqot Istanbuldagi uchrashuv natijalarini hisobga olgan holda o‘tkazilishini aytdi:

“Suhbat Istanbulda bo‘lib o‘tgan muzokaralarni hisobga olgan holda muhim”.

O‘z navbatida, AQSH vitse-prezidenti Jeyms Devid Vens Oq uy tomonidan urushni tugatish bo‘yicha olib borilgan muzokaralar samarasizligini ta’kidladi.

“Biz bu yerda boshi berk ko‘chada ekanligimizni tan olamiz”, dedi Vens jurnalistlarga.

“Yediniye novosti”ning manbasiga tayanib, xabar berishicha, Kreml va Oq uy o‘rtasidagi suhbatdan oldin Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy ham Tramp bilan telefon orqali suhbatlashgan.

Yil boshidan beri rasman e’lon qilingan uchinchi suhbat

Bu AQSH va Rossiya Prezidentlarining yil boshidan beri rasman e’lon qilingan uchinchi suhbatidir. Birinchisi 12 fevral kuni, Donald Tramp inauguratsiyasidan ko‘p o‘tmay bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Tramp yuqori martabali amaldorlarga Moskva va Kiyev bilan Ukrainadagi urushni to‘xtatish imkoniyatlari haqida muloqot boshlashni buyurdi.

Rasmiy e’lon qilingan ikkinchi suhbat 18 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Kremlning aytishicha, bu suhbat ikki soatcha davom etgan. Bu ikki yetakchi o‘rtasidagi eng uzun telefon suhbatlaridan biri bo‘ldi.

Mart oyida Kreml Tramp va Putin o‘rtasida rasman e’lon qilinganidan ko‘ra ko‘proq telefon aloqalari bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini ta’kidlagan edi.

“Reuters”ning xabar berishicha, suhbatlar xavfsiz liniyalar orqali olib borilmoqda. Suhbatda tarjimonlar ishtirok etadi. Putin rus tilida gapiradi. Video konferensiya formati hali qo‘llanilmagan.

Tramp “NATOning turli a’zolari” bilan ham gaplashmoqchi 

Tramp 17 may kuni Truth Social telekanalida 19 may kuni Putinga, keyin esa “NATOning turli a’zolariga” qo‘ng‘iroq qilishini ma’lum qildi.

“Muzokaralarning maqsadlari haftasiga o‘rtacha 5000 dan ortiq rossiyalik va ukrainalik askar halok bo‘layotgan “qon to‘kilishi”ga barham berish bo‘ladi”, deya ta’kidladi Oq uy rahbari.

U bu “samarali kun” bo‘lishiga va oxir-oqibat Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olinishiga umid bildirgandi.

Bundan avval, 17 may kuni AQSH Davlat kotibi Marko Rubio va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. AQSH Davlat kotibi 16 may kuni Istanbulda bo‘lib o‘tgan Ukraina-Rossiya uchrashuvida erishilgan “1000 ga 1000” formatida harbiy asirlarni almashish bo‘yicha kelishuvni olqishladi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Vladimir Putin Donal'd Tramp Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing