Tramp prezidentligida Mirziyoyev va boshqa mavqedoshlaridan olgan sovg‘alarni yashirganlikda ayblandi

Olam

image

Amerika Qo‘shma Shtatlari sobiq rahbari Donald Tramp prezidentlik davrida xorijiy yetakchilardan olgan umumiy qiymati taxminan 291 ming dollar bo‘lgan yuzdan ortiq sovg‘alar haqida hisobot bermagani aniqlandi. Bu haqda AQSH Kongressi Vakillar Palatasining nazorat bo‘yicha qo‘mitasidagi demokratlar tomonidan e’lon qilingan hujjatda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, Trampning ro‘yxatdan o‘tmagan sovg‘alari orasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan hadiya qilingan bahosi taxminan 12 ming dollar atrofidagi ipak gilam, Yaponiyaning sobiq bosh vaziri Sindzo Abening taxminan 3 755 dollarlik oltin golf to‘plari bor. 

Bundan tashqari, Tramp Salvador Prezidenti Nayiba Bukeledan o‘zining real o‘lchamda chizilgan portretini ham olgan. Kongressmenlar surat Trampning shaxsiy mulki sifatida Floridadagi sobiq AQSH prezidenti qarorgohiga yuborilgan, deb taxmin qilmoqda.
Ularning so‘zlariga ko‘ra, Tramp va uning oila a’zolari Amerika qonunlarida belgilangan me’yordan qimmatroq sovg‘alarni qabul qilgan va bu haqda xabar bermagan hamda davlat hisobida saqlanishi kerak bo‘lgan sovg‘alarni o‘zlashtirib olgan.

Masalan, Trampning kuyovi, tadbirkor Jared Kushner Saudiya shahzodasi Muhammad bin Salmondan bahosi 24 ming dollargacha bo‘lgan xanjar va 8 800 dollarlik ikkita qilich to‘plamini olgan.

Ma’lumot uchun, AQSHdagi xorijiy sovg‘alar to‘g‘risidagi qonun prezident va federal amaldorlarga bahosi belgilangan qiymatdan yuqori bo‘lgan chet el sovg‘alarini o‘zida saqlashni taqiqlaydi. Hozirda bu qiymat 415 dollarga teng.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq AQSH Kongressi Vakillar Palatasining nazorat bo‘yicha qo‘mitasidagi respublikachilar Prezident Jo Baydenning oilasi Xitoy kompaniyasidan pul olgani e’lon qilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Shavkat Mirziyoev Tramp AQSh Kongressi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing