Tramp poytaxtga o‘lim jazosini qaytardi
Olam
−
26 Sentabr 2025 5120 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Vashington (Kolumbiya okrugi) hududida o‘lim jazosi joriy etilishi haqida farmon imzoladi. Hujjat matni Oq uy rasmiy saytida e’lon qilindi.
Amerika rahbarining so‘zlariga ko‘ra, qaror poytaxtning maxsus maqomi bilan bog‘liq. Oq uyning ta’kidlashicha, Kolumbiya okrugida so‘nggi yillarda olib borilgan “yumshoq siyosat” jinoyatchilikning keskin o‘sishiga olib kelib, poytaxt aholisi, mehmonlari hamda federal idoralar faoliyatini xavf ostiga qo‘ygan.
Xabarga ko‘ra, Vashington mamlakatdagi eng xavfli shaharlar qatoriga kirgan va 2024 yilda bu yerda qotillik darajasi har 100 ming aholiga 27,3 tani tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich AQSH bo‘yicha to‘rtinchi eng yuqori natija bo‘lib, Nyu-Yorkdagidan qariyb olti barobar ko‘p.
“The Guardian” nashrining yozishicha, Tramp o‘lim jazosi qaytarilishini e’lon qilar ekan, qotillik sodir etgan har bir kishi bu jazoga duch kelishini aytib, uni jinoyatni oldini olishda samarali chora sifatida baholagan.
AQSH poytaxtida so‘nggi qatl 1957 yilda amalga oshirilgan edi. 1981 yilda Vashington shahar kengashi o‘lim jazosini butunlay bekor qilgan. Ammo Kolumbiya okrugining maxsus maqomi va federal hukumat nazorati sababli Tramp bu qarorni bekor qilish huquqiga ega bo‘ldi. Prezident farmonining ijrosini AQSH prokuraturasi va Adliya vazirligi nazorat qiladi.
Tramp qarorini tanqid qilganlar sud jarayonlarida hakamlar hay’ati qora tanli ayblanuvchilarga nisbatan adolatsiz munosabatda bo‘lishini ta’kidladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda so‘nggi 50 yil ichida qatl etilgach, keyinchalik 200 kishi oqlangan. Ulardan 108 nafari qora tanlilar bo‘lgan.
Bugungi kunda AQSHning 50 shtatidan 27 tasida o‘lim jazosi amal qiladi. Bunday jazo turi eng ko‘p qo‘llanadigan hududlar mamlakat janubidagi shtatlar – Yuta, Arizona, Florida va yana 13 ta shtatdir. Olti shtatda o‘lim jazosi qonuniy ruxsat etilgan bo‘lsa-da, u yerda moratoriy amal qilmoqda. 2021 yilda sobiq prezident Jo Bayden federal darajadagi sud ishlarida o‘lim jazosiga moratoriy joriy qilgan edi. Tramp esa Oq uyga qaytgan kuni bu moratoriyni bekor qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vashingtondagi Isroil elchixonasining ikki xodimini otib o‘ldirgan shaxsga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi31 dekabr 2025
Farg‘ona davlat texnika universiteti rektori Qo‘ng‘irotboy Sharipovga yangi o‘rinbosar bo‘ldi.
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
30 dekabr 2025
29 dekabr 2025