Tramp Pxenyanga borishi yoki Kim Chen Inni Vashingtonga taklif qilishi mumkin

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp yaqinlashib kelayotgan prezidentlik muddati davomida Pxenyanga shaxsan tashrif buyurishi yoki Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inni Vashingtonga taklif qilishi mumkin. Bu haqda Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi Jon Bolton Yaponiya jamoat televideniyesiga bergan intervyusida ma’lum qildi.

"Tramp allaqachon Shimoliy Koreya yetakchisi bilan uchrashgan AQSHning birinchi prezidentiga aylangan va qolgan narsa Kim Chen Inni Oq uyga taklif qilish yoki Trampning Pxenyanga tashrif buyurishi. Menimcha, bu voqealardan biri yoki hatto ikkalasi ham Trampning ikkinchi muddati davomida sodir bo‘lishi mumkin", dedi u.

Shu bilan birga, Bolton AQSH va KXDR o‘rtasida yadroviy bitim tuzish imkoniyati “butunlay boshqa masala” ekanini tan oldi.

"Tramp o‘tgan safar Kim Chen Inning talablariga rozi bo‘lmagan va menimcha, bu AQSH va ittifoqchilarimiz Yaponiya va Janubiy Koreya manfaatlaridan kelib chiqqan holda qilingan", deya tushuntirdi Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha sobiq maslahatchisi.

Ma’lumot uchun, 2018 yil iyun oyida Singapurda AQSH va KXDR tarixidagi birinchi sammit bo‘lib o‘tdi, natijada qo‘shma hujjat qabul qilindi. Shundan so‘ng Pxenyan Vashingtondan xavfsizlik kafolatlari evaziga yadrosizlanishni o‘z zimmasiga oldi. Ikkinchi sammit 2019 yil fevral oyida Xanoyda bo‘lib o‘tdi. Tramp va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In bir necha uchrashuvlar, jumladan, yuzma-yuz uchrashuvlardan so‘ng kelishuvga erisha olmadi va qo‘shma hujjat imzolamadi. 2019 yilning 30 iyun kuni Tramp va Kim Chen Inning uchinchi uchrashuvi KXDR va Koreya Respublikasi chegarasidagi demilitarizatsiya qilingan hududda bo‘lib o‘tdi. 2019 yil 5 oktyabr kuni AQSH va Shimoliy Koreya rasmiylari Shvetsiyada ishchi darajada uchrashdi, biroq muzokaralar natija bermadi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Kim Chen In Shimoliy Koreya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing