Tramp Oq uyda ishni nimadan boshlashi ma’lum bo‘ldi – “Reuters”
Olam
−
12 noyabr
14826AQSH prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan Donald Tramp o‘zining Oq uydagi ilk ish kunida immigratsiya qonunchiligini kuchaytirish va Jo Baydenning asosiy muhojirlarni qabul qilish dasturlarini tugatishga qaratilgan bir qator choralarni amalga oshiradi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, federal immigratsiya xodimlariga sudlanganlik holati bo‘lmagan shaxslarni hibsga olish bo‘yicha ko‘proq erkinlik beriladi, AQSH-Meksika chegarasiga qo‘shinlar yuboriladi va chegarada devor qurilishi qayta boshlanadi. Shuningdek, Tramp Bayden davrida amal qilgan gumanitar dasturlarni to‘xtatadi. Ushbu dasturlar tufayli so‘nggi yillarda yuz minglab muhojirlar AQSHga qonuniy kirish imkoniga ega bo‘lgan.
Qayd etilishicha, Tramp, shuningdek, chegaraga Milliy gvardiya qo‘shinlarini yuborishni va noqonuniy migratsiyaga qarshi favqulodda holat e’lon qilib, devor qurilishi uchun mablag‘lardan foydalanish huquqini qo‘lga kiritishni rejalashtirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp saylovoldi va’dasini bajarib, AQSH tarixidagi eng yirik migrantlar deportatsiyasini amalga oshirish niyatini ma’lum qilgan edi.
LiveBarchasi