Tramp Meksikaga AQSH qo‘shinlarini yubormoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp kecha, 4 may kuni meksikalik mavqedoshi Klaudiya Sheynbaumga giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurashda yordam berish uchun Meksikaga Amerika qo‘shinlarini yuborishni taklif qilganini tasdiqladi. Tramp bu haqda Floridadan Vashingtonga uchayotgan samolyot bortida matbuot bilan suhbatda ma’lum qildi.

Trampning aytishicha, u bu taklifni narkotik kartellari minglab odamlarning o‘limiga javobgar bo‘lgan “dahshatli odamlardan” tashkil topgani uchun qilgan.

“Agar Meksika kartellarga qarshi kurashda yordamga muhtoj bo‘lsa, men u yerga borib, AQSH kuchlarini yordamga yuborishni sharaf deb bilaman”, dedi u.

Sheynbaum taklifni rad etganidan hafsalasi pir bo‘lganmi degan savolga Tramp shunday dedi:

“Menimcha, u ajoyib ayol. Meksika Prezidenti ajoyib ayol, lekin u kartellardan shunchalik qo‘rqadiki, hatto to‘g‘ri o‘ylay olmaydi”.

3 may kuni Sheynbaum AQSH taklifini rad etganini, chunki “suverenitet sotilmasligi”ni aytgandi. U “The Wall Street Journal” gazetasida Tramp Meksikaga AQSH harbiylarini narkotik kartellariga qarshi kurashda faolroq ishtirok etishiga ruxsat berish uchun bosim o‘tkazayotgani haqidagi xabarga izoh berdi. Sheynbaumning ta’kidlashicha, ikki davlat hamkorlik qilishi mumkin, biroq Meksika “hech qachon o‘z hududida Amerika qo‘shinlarining bo‘lishiga rozi bo‘lmaydi”.

Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi rasmiysi 3 may kuni “Reuters” agentligiga bergan intervyusida Tramp Meksikaning narkotik to‘dalari va kartellariga qarshi kurashda ko‘proq harakat qilishi kerakligini va Qo‘shma Shtatlar yordam berishga tayyorligini aytdi. Amerika yetakchisining aytishicha, agar Meksika narkotik kartellarini yo‘q qilmasa, Qo‘shma Shtatlar bir tomonlama harbiy chora ko‘radi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Meksika

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing