Tramp Markaziy Osiyo davlatlarini Ibrohim kelishuvlariga qo‘shmoqchi – “Reuters”
Olam
−
03 avgust 2025 10908 4 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Ozarbayjon va ayrim Markaziy Osiyo davlatlarini Ibrohim kelishuvlariga qo‘shish masalasini faol muhokama qilmoqda. Bu orqali Isroil bilan mavjud munosabatlarni yanada mustahkamlash ko‘zlangan. Bu haqda mazkur masalaga yaqin bo‘lgan besh nafar manbasiga tayanib, “Reuters” xabar berdi.
Ibrohim kelishuvlari 2020 va 2021 yillarda Trampning ilk prezidentlik davrida AQSH vositachiligida to‘rtta musulmon aholisi ko‘p davlat – BAA, Bahrayn, Marokash va Sudan – tomonidan Isroil bilan diplomatik munosabatlarni normallashtirish uchun imzolangan edi. Biroq Ozarbayjon va barcha Markaziy Osiyo davlatlari allaqachon Isroil bilan uzoq yillik munosabatlarga ega.
“Ularni kelishuvlarga rasman qo‘shish ramziy harakat bo‘lib, asosan savdo va harbiy hamkorlik kabi sohalarda aloqalarni kuchaytirishga qaratilgan bo‘ladi”, deydi nashr manbalari.
Qayd etilishicha, bunday kengaytirish Trampning G‘azoda urush davom etayotgan bir paytda Saudiya Arabistonini Isroil bilan yarashishga ko‘ndirish rejalaridan ancha kichikroq maqsadlarga ham ochiqligini namoyon etadi. Ma’lumki, Saudiya Arabistoni bir necha bor Isroilni falastinliklar davlatini tan olish yo‘lida jiddiy qadamlar tashlamay turib tan olmasligini aytgan. G‘azodagi yuqori o‘lim darajasi va gumanitar yordamning yopib qo‘yilishi oqibatida yuzaga kelgan ochlik arab jamoatchiligida g‘azabni kuchaytirib, Ibrohim kelishuvlariga yangi musulmon davlatlarni jalb qilishni murakkablashtirmoqda.
G‘azoda mahalliy sog‘liqni saqlash organlariga ko‘ra, 60 000 dan ortiq odam, shu jumladan ko‘plab ayol va bolalar halok bo‘lgan. Kanada, Fransiya va Buyuk Britaniya so‘nggi kunlarda mustaqil Falastinni tan olish rejalarini e’lon qildi.
Nashrning yozishicha, kelishuvlar yo‘lidagi yana bir muhim to‘siq – Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojarodir. Uchinchi manbalarga ko‘ra, Tramp ma’muriyati bu ikki Kavkaz davlati o‘rtasida tinchlik kelishuviga erishilishini Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilish uchun shart sifatida ko‘rmoqda.
Manbalarning aytishicha, Ozarbayjon bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralar Tramp ma’muriyati e’lon qilgan boshqa nomzodlarga nisbatan ancha jiddiy va tashkil etilgan holda kechmoqda. Ikkita manbaga ko‘ra, kelishuv bir necha oy, balki haftalar ichida erishilishi mumkin.
Trampning tinchlik bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff mart oyida Ozarbayjon poytaxti Bakuga safar qilib, Prezident Ilhom Aliyev bilan uchrashgan.
“Uning yordamchisi Ariye Laytstoun bahorda yana Aliyev bilan uchrashgan, unda Ibrohim kelishuvlari ham muhokama qilingan”, deydi nashrning uch manbasi.
Bildirilishicha, muzokaralar doirasida Ozarbayjon rasmiylari Qozog‘iston kabi yaqin Markaziy Osiyo davlatlari amaldorlari bilan ham aloqaga chiqqan va ularning qiziqishini o‘rgangan. Lekin qaysi davlatlar bilan bevosita gaplashilgani ma’lum emas. Markaziy Osiyoda Qozog‘iston, O‘zbekiston, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston mavjud.
AQSH Davlat departamenti, so‘ralganida, aniq davlatlarni tilga olmasdan, kelishuvlarni kengaytirish Trampning asosiy maqsadlaridan biri ekanini bildirgan.
“Bizning maqsadimiz – yana ko‘proq davlatlarni qo‘shish”, dedi AQSH rasmiysi.
Ma’lumki, dastlab BAA, Bahrayn, Marokash va Sudan bilan imzolangan Ibrohim kelishuvlari diplomatik aloqalarni tiklashga qaratilgan edi. Keyingi bosqich esa AQSH va Isroilning “yumshoq kuch”ini kengaytirish uchun mo‘ljallangan kengroq mexanizmga aylanayotganga o‘xshaydi.
Nashrning yozishicha, Ozarbayjon Rossiya va Eron o‘rtasida joylashgan bo‘lib, Markaziy Osiyo bilan G‘arb o‘rtasidagi savdo yo‘llarida muhim bog‘lovchi bo‘lib xizmat qiladi. Kavkaz va Markaziy Osiyo neft va gaz kabi tabiiy boyliklarga boy, bu esa turli davlatlarni ushbu mintaqada ta’sir uchun kurashga undaydi. Isroil bilan aloqalari bo‘lgan davlatlarni kelishuvga jalb qilish ramziy yutuq sifatida xizmat qilishi mumkin – ayniqsa, kichik g‘alabalarni katta qilib ko‘rsatish bilan mashhur Tramp uchun.
Ikkita manbaga ko‘ra, Markaziy Osiyo bilan olib borilayotgan muzokaralar hali dastlabki bosqichda, ammo Ozarbayjon bilan muhokamalar ancha ilgarilab ketgan. Shu bilan birga, kelishuvga erishilishi kafolatlanmagan. Xususan, Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi muzokaralar sekin kechayotgani bu jarayonni sustlashtirishi mumkin.
Ikki davlat – SSSRdan 1991 yilda mustaqillik olgan Armaniston va Ozarbayjon – 1980 yillar oxirida boshlangan Qorabog‘ mojarosi tufayli qarshilikda bo‘lib keladi. 2023 yilda Ozarbayjon Qorabog‘ni to‘liq nazoratiga oldi, bu esa 100 000 ga yaqin etnik armanlarni Armanistonga qochishga majbur qildi. Har ikki tomon mojaroni rasman yakunlash uchun tinchlik shartnomasi imzolashni xohlashini bildirgan.
Asosan xristian aholisiga ega Armaniston AQSH bilan yaqin aloqalarga ega va Tramp ma’muriyati Yerevandagi hukumatni xafa qiluvchi harakatlardan ehtiyot bo‘lmoqda. Shu bilan birga, Tramp va Davlat kotibi Marko Rubio kabi rasmiylar Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik yaqin ekanini ta’kidlashmoqda.
“Armaniston va Ozarbayjon – biz bu yerda mo‘’jiza yaratdik. Tinchlik juda yaqin”, dedi Tramp iyul oyi boshida jurnalistlarga.
“Reuters”ning yozishicha, Ozarbayjon hukumati bu masala yuzasidan izoh bermadi. Oq uy, Isroil TIV va Qozog‘istonning Vashingtondagi elchixonasi ham izoh bermagan. Yangi kelishuvlar avvalgi Ibrohim kelishuvlariga tegishli tarkibiy o‘zgarishlar kiritmaydi.
QALAMPIR.UZ esa ushbu masala bo‘yicha O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi bilan bog‘landi. Vazirlik matbuot kotibi Ahror Burhonovning ma’lum qilishicha, bu masala bo‘yicha TIVga murojaat kelib tushmagan.
Live
Barchasi