Tramp Mamdani bilan uchrashadi
Olam
−
20 noyabr 4978 3 daqiqa
Ertaga, 21 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkning yangi meri etib saylangan Zohran Mamdani bilan uchrashadi. Bu haqda Oq uy rahbari o‘zining Truth Social sahifasida yozib qoldirdi.
“Nyu-York shahrining kommunist meri Mamdani uchrashuv so‘radi. Biz ushbu uchrashuv 21 noyabr kuni Oval kabinetda bo‘lib o‘tishiga kelishib oldik. Batafsil ma’lumot keyinroq e’lon qilinadi”, deya yozgan Tramp.
Qayd etish joiz, Donald Tramp ochiqchasiga Mamdanini tanqid qilib keladi. U hatto Mamdani g‘alaba qozongan taqdirda Nyu-Yorkka qo‘shimcha federal mablag‘ ajratmasligini aytgan. Tramp uni “kommunist, aqldan ozgan”, deb atagan.
Ekspertlar Tramp va Mamdani o‘rtasidagi kelajakdagi to‘qnashuvlar AQSH siyosatida yangi mojaro maydoniga aylanishi mumkinligini aytadi.
Ma’lumot uchun, Mamdani joriy yilning 4 noyabr kuni Nyu-York meri saylovida g‘alaba qozongan. U respublikachi Kyortis Sliva va mustaqil nomzod sifatida qatnashgan Nyu-York sobiq gubernatori Endryu Kuomoni ortda qoldirgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Mamdani 49,7 foiz ovoz to‘plagan. Mustaqil nomzod – sobiq gubernator Endryu Kuomo 41,6 foiz, respublikachi Kyortis Sliva esa 8,1 foiz ovoz olgan.
Hozirgi kunda Nyu-York merining vazifasini Erik Adams bajarib kelmoqda. U avval saylovga mustaqil nomzod sifatida qayta qatnashmoqchi bo‘lgan, biroq sentyabr oyida poygadan chiqayotganini e’lon qilgan.
2024 yilning oktyabrida Mamdani o‘z nomzodini e’lon qilganida, ko‘pchilik uning g‘alabasiga ishonmagan edi. Bugun esa u AQSH siyosatida tez ko‘tarilayotgan yangi nomga aylandi, tarafdorlari soni esa ortib bormoqda. 34 yoshli Mamdani Nyu-York tarixida mer lavozimini egallagan birinchi musulmon bo‘ldi.
Zohran Mamdani Ugandada, Hindistondan kelgan oilada tug‘ilgan. Onasi – mashhur kino rejissyor Mira Nair, otasi – olim Mahmud Mamdani. U 5 yoshida oilasi bilan Janubiy Afrikaga, ikki yildan keyin esa Nyu-Yorkka ko‘chib kelgan. AQSH fuqaroligini 2018 yilda olgan.
2020 yilda u Nyu-York shtati Assambleyasiga saylangan. Dastlab uning merlik uchun imkoniyatlari juda kam deb baholangan bo‘lsa-da, u partiya ichidagi saralashda 56,4 foiz ovoz bilan g‘alaba qildi.
U uzoq yillar kam ta’minlangan fuqarolarga uy-joy masalasida yordam bergan. Shu sababli, uning saylovoldi kampaniyasidagi asosiy mavzu – arzon uy-joy muammosi bo‘lgan.
Mamdani 2017 yildan buyon AQSHdagi eng yirik sotsialistik tashkilot – “Amerika demokratik sotsialistlari” a’zosi. U boylar uchun soliqlarni oshirish, minimal ish haqini 2030 yilgacha soatiga 30 dollargacha ko‘tarish, bepul maktabgacha ta’lim va avtobusda bepul qatnov tizimini joriy qilish tarafdori.
Mamdani chap qarashlari sabab ko‘p tanqid qilinadi. Iqtisodchilar va ayrim biznes vakillari uning rejalari ish o‘rinlarini kamaytirishi va kompaniyalarni shahardan ketishga majbur qilishi mumkinligini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSHdagi Nyu-York shahrining saylangan meri Zohran Mamdani 5 noyabr kuni g‘alaba nutqida o‘zbek hamshiralariga minnatdorlik bildirgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr