Tramp ma’muriyatiga tanlangan nomzodlar tahdidga uchrayapti

Olam

image

AQSHning saylangan prezidenti Donald Tramp ma’muriyati uchun tanlangan bir nechta amaldorlar telefon orqali tahdidga uchradi. Bu haqda AQSH Federal qidiruv byurosi xabar berdi.

Rasmiy bayonotga ko‘ra, yangi ma’muriyatning nomzodlari va tayinlovlariga nisbatan bir qator portlatish va zo‘ravonlik tahdidlari sodir bo‘lgan.

“Biz ushbu tahdidlarga javob berish uchun boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlik qilmoqdamiz. Har qanday xavf ehtimolini jiddiy qabul qilamiz va aholiga shubhali vaziyatlar haqida darhol xabar berishni tavsiya qilamiz”, deyiladi xabarda.

Trampning o‘tish davri jamoasi matbuot kotibi Karolin Livittning so‘zlariga ko‘ra, Tramp tomonidan ma’muriyatga tanlangan bir necha shaxs telefon terrorizmiga duch kelgan. Lekin tahdid ostida bo‘lganlarning aniq ismlari oshkor qilinmagan.

Ma’lum bo‘lishicha, tahdid qurbonlaridan biri AQSHning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi vakili lavozimiga Tramp tomonidan tayinlangan kongressmen Eliz Stefanik bo‘lgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Stefanikka uyiga qo‘yilgan portlovchi modda haqida xabar berilgan, huquqni muhofaza qilish idoralari esa “tezkor va professional ravishda” vaziyatni hal qilgan.

“The Guardian” nashriga ko‘ra, tahdid olganlar orasida Tramp tomonidan Pentagon rahbarligiga nomzod sifatida ko‘rilgan “Fox News” teleboshlovchisi Pit Xegset hamda AQSH bosh prokurori lavozimiga nomzod bo‘lgan sobiq kongressmen Mett Gets ham bor.

Eslatib o‘tamiz, Donald Trampning o‘zi ham bu yil ikki bor suiqasdga uchragan edi. Birinchi voqea joriy yilning 13 iyul kuni Pensilvaniya shtatining Batler okrugida bo‘lib o‘tgan saylovoldi mitingida sodir bo‘lgan. Unda Tramp qulog‘idan yengil jarohat olgan. Ikkinchi voqea esa 15 sentyabr kuni Florida shtatining Palm-Bich shahrida golf o‘ynayotganda yuz bergan, unda respublikachiga zarar yetmagan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp tahdid

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing