Rubioning dipfeykidan foydalangan firibgarlar TIV rahbarlari bilan bog‘landi
Olam
−
08 iyul 2879 2 daqiqa
Firibgarlar sun’iy intellekt dasturiy ta’minotidan foydalanib, AQSH Davlat kotibi Marko Rubio niqobi ostida yuqori martabali xorijiy diplomatlar va Amerika rasmiylari bilan bir necha bor bog‘langan. Bu haqda AQSH Davlat departamentidagi manbalari va ichki hujjatlariga tayanib, “The Washington Post” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, kamida uchta Tashqi ishlar vaziri, AQSH shtatlaridan birining gubernatori va AQSH Kongressining bir qonun chiqaruvchisi firibgarlik harakatlari qurboniga aylangan. Firibgarlar aloqa uchun Signal messenjeridagi soxta akkauntdan foydalangan. Ular Rubioning yozish uslubi va Davlat kotibining ovoziga taqlid qiluvchi matn va audio xabarlarni hujumchilar tomonidan oldindan qo‘lga kiritgan shaxsiy akkauntlariga jo‘natgan.
AQSH federal agentliklariga yuborilgan ichki hujjatda Davlat departamenti bu harakatlarni kim va qanday maqsadlarda sodir etgani hozircha noma’lumligi, biroq gap “ma’lumot yoki akkauntlarga kirish” maqsadidagi firibgarlik haqida ketayotgan bo‘lishi mumkinligi ta’kidlanadi.
Shuningdek, firibgarlar bilan aloqada bo‘lgan jabrlanuvchilar qanday harakatlar qilgani ham noma’lum. Davlat departamenti o‘z hujjatida federal xodimlardan departamentning yuqori martabali amaldorlarining messenjerlar orqali so‘rovlari bilan bog‘liq barcha shubhali aloqalar haqida xabardor qilishni so‘ragan.
Nashrning qayd etishicha, bu AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyatida birinchi bunday holat emas. May oyida noma’lum shaxslar Oq uy apparati rahbari Syuzan Uaylsning telefonini buzib, bir qancha gubernatorlar, senatorlar va biznes rahbarlariga qo‘ng‘iroq qilgan.
Aprel oyi oxirida Tramp AQSH rasmiylariga hukumat maxfiy ma’lumotlarining sizib chiqishi fonida Signal messenjeridan foydalanishni to‘xtatishni taklif qilgan edi.
Avvalroq “Associated Press” agentligi AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegsetning Pentagondagi idorasi xavfsizlik protokollarini chetlab o‘tuvchi himoyalanmagan internetga kirish nuqtasi bilan jihozlangani haqida xabar bergandi. Bundan oldin WP manbalarga tayanib, Hegset uyali aloqa etishmasligini qoplash uchun Pentagonda o‘z kompyuteriga maxfiy ma’lumotlarni uzatish uchun mo‘ljallanmagan messenjerni o‘rnatganini xabar qildi.
Live
Barchasi