Tramp ma’muriyati Ukrainaga qurol yetkazib berishni qayta tikladi
Olam
−
04 fevral 5198 2 daqiqa
AQSH hukumatidagi ichki munozaralar natijasida yuzaga kelgan vaqtinchalik tanaffusdan so‘ng, Tramp ma’muriyati Ukrainaga qurol yetkazib berishni qayta boshladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yetkazib berishlar o‘tgan dam olish kunlari, ya’ni 1-2 fevral kunlari qayta boshlangan.
“Reuters” suhbatdoshlaridan birining aytishicha, AQSH yana qurol yuborishni boshlagan, chunki Prezident Donald Tramp o‘zining dastlabki rejasi – Ukrainaga yordamni butunlay to‘xtatish fikridan voz kechgan.
“Tramp ma’muriyati vakillari Ukrainaga yordam berish masalasida turlicha fikrda, xususan, Qo‘shma Shtatlar o‘z zaxiralaridan qurol yuborishi kerakmi yoki yo‘qmi, degan savolda kelishmovchiliklar mavjud”, deya ma’lum qildi agentlikning yana bir manbasi.
Donald Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganidan so‘ng, AQSH hukumati Ukrainaga yangi yordam paketlari ajratishni e’lon qilmadi. Shunday bo‘lsa-da, oldingi prezident Jo Bayden ma’muriyati tomonidan ma’qullangan harbiy yordamni yetkazib berish hali yana bir necha oy davom etishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp Janubiy Afrikaga barcha moliyaviy yordamni to‘xtatishga va’da bergandi. U mamlakatda go‘yoki yerlar musodara qilinayotgani va “ayrim toifadagi odamlarga” juda yomon munosabatda bo‘linayotgani haqida yozgan. Tramp qaysi holatlar yoki odamlar haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi, biroq Janubiy Afrikada inson huquqlarining poymol etilishi keng tarqalgani va bunga Qo‘shma Shtatlar toqat qilmasligini aytdi.
Sara Komiljonova
Live
Barchasi