Kurs UZS

USD

12 953.20

15.09

EUR

14 058.11

-18.55

RUB

151.13

1.14

Tramp ma’muriyati ko‘plab mamlakatlarga sayohat cheklovlarini joriy etmoqchi

Olam

image

Tramp ma’muriyati bir qator davlat fuqarolari uchun keng qamrovli sayohat cheklovlarini joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Reuters” agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, memorandumda jami 41 mamlakat uchta alohida guruhga ajratilgan. Birinchi guruhga Afg‘oniston, Eron, Suriya, Kuba va Shimoliy Koreya kabi 10 davlat kiritilgan bo‘lib, ularga vizalar to‘liq to‘xtatilishi kutilmoqda.

Ikkinchi guruhda Eritreya, Gaiti, Laos, Myanma va Janubiy Sudan bor. Ular uchun turizm, talabalik va boshqa immigratsion vizalar bo‘yicha cheklovlar joriy qilinishi mumkin, ayrim istisnolar mavjud bo‘lishi ehtimoli bor.

Uchinchi guruhda esa 26 davlat, jumladan, Belarus, Pokiston va Turkmaniston kabi mamlakatlar kiritilgan. Agar ushbu davlatlarning hukumatlari 60 kun ichida xavfsizlik va skrining masalalari bo‘yicha kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rmasa, ular AQSH vizasi olishda qisman cheklovlarga duch kelishi mumkin.

Ismi oshkor etilishini xohlamagan AQSH rasmiysining bildirishicha, ushbu ro‘yxat hali rasman ma’qullanmagan va o‘zgarishi mumkin. Shuningdek, bu masala AQSH Davlat kotibi Marko Rubioning tasdig‘ini talab qiladi.

Bu harakat Trampning birinchi prezidentlik muddatidagi yetti musulmon davlati fuqarolariga kiritilgan AQSHga sayohat qilishni taqiqlash siyosatiga o‘xshash bo‘lib, bu qaror 2018 yilda AQSH Oliy sudi tomonidan qonuniy deb topilgan edi.

Ma’lumot uchun, 2025 yil 20 yanvarda Tramp yangi farmon imzolab, AQSHga kirishga harakat qilayotgan xorijliklar uchun xavfsizlik tekshiruvlarini kuchaytirishni talab qildi. Bu farmonga muvofiq, bir necha vazirlik 21 martga qadar AQSHga sayohat qisman yoki to‘liq taqiqlanishi kerak bo‘lgan davlatlar ro‘yxatini taqdim etishi kerak.

Trampning ushbu buyrug‘i uning ikkinchi prezidentlik muddati boshida boshlagan immigratsiya siyosati qat’iylashuvining bir qismi hisoblanadi. U bu rejasini 2023 yil oktyabr oyidagi nutqida e’lon qilgan bo‘lib, G‘azo sektori, Liviya, Somali, Suriya, Yaman va AQSH xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa davlatlar fuqarolarini cheklash niyatini bildirgan edi. Ammo AQSH Davlat departamenti bu masala bo‘yicha izoh berishni rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ma’muriyati ixtiyoriy deportatsiya uchun yangi ilovani ishga tushirgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tramp

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing