Tramp ma’muriyati kanadalik separatistlar bilan yashirin aloqada bo‘lgan – FT
Olam
−
29 yanvar 929 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kanadaning Alberta viloyati mustaqilligini qo‘llab-quvvatlovchi “Alberta Prosperity Project” (APP – “Alberta farovonligi loyihasi”) guruhi vakillari bilan bir necha bor yashirin uchrashuvlar o‘tkazgan. Bu haqda Vashington va Kanadadagi manbalariga tayanib, “Financial Times” xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, uchrashuvlar 2025 yilda va 2026 yil boshida bo‘lib o‘tgan hamda ularda AQSH Davlat departamenti xodimlari ishtirok etgan. APP vakillari Alberta mustaqilligi bo‘yicha ehtimoliy referendum istiqbollari, shuningdek energetika va xavfsizlik masalalarini muhokama qilgan. Harakat yetakchilari aloqalar “yuqori darajada” bo‘lganini ta’kidlaydi, biroq buning rasmiy tasdig‘i yo‘q.
Oq uy va Davlat departamenti uchrashuvlar bo‘lganini tasdiqlagan, biroq ular separatizmni qo‘llab-quvvatlashni anglatmasligini va Vashington zimmasiga moliyaviy yordam yoki siyosiy tan olish kabi hech qanday majburiyat yuklamasligini alohida qayd etgan.
Kanadada bu aloqalar haqidagi ma’lumot jamoatchilikda rezonans keltirib chiqargan. Qator siyosatchilar va ekspertlar buni mamlakat ichki ishlariga ehtimoliy aralashuv sifatida baholagan. Shu bilan birga, Alberta viloyati rasmiy hokimiyati ayrim separatistik guruhlar faolligiga qaramay, Kanadadan chiqish g‘oyasini rasman qo‘llab-quvvatlamaydi.
Ma’lumot uchun, “Alberta Prosperity Project” — Alberta suvereniteti va viloyatning energetika resurslari ustidan nazoratini kengaytirish g‘oyalarini ilgari suruvchi ijtimoiy-siyosiy harakat. Kanada OAV ma’lumotlariga ko‘ra, mustaqillikni qo‘llab-quvvatlash hozircha tor doiradagi kayfiyat bo‘lib, mintaqa aholisi orasida ko‘pchilikni tashkil etmaydi.
Live
Barchasi