Tramp xorijlik trak haydovchilarini faxriylar bilan almashtirmoqchi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp immigrant yuk mashinasi haydovchilariga nisbatan choralarni kuchaytirish va ularning o‘rnini harbiy faxriylar bilan to‘ldirmoqchi. Bu haqda “GV Wire” xabar berdi.

Trampning aytishicha, uning ma’muriyati qonuniy maqomi bo‘lmagan yuk mashinasi haydovchilariga qarshi choralar ko‘rmoqda. U bunday haydovchilar o‘rniga AQSH faxriylarini jalb qilishni taklif qilgan.

“Biz faxriylarimizni olib kelamiz, ularga yuk mashinalarini boshqarish bo‘yicha ko‘plab ko‘nikmalarni o‘rgatamiz”, degan Tramp.

Shuningdek, u harbiy xizmat davrida og‘ir yuk mashinalarini boshqargan amerikaliklar avtomatik ravishda tijorat haydovchilik guvohnomasi (CDL) olish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerakligini aytgan. Biroq Prezident bu tashabbusning aniq tafsilotlarini ochiqlamagan.

Tramp ayrim xorijlik haydovchilar yo‘l belgilarini o‘qiy olmasligi va xavfsizlik talablariga javob bermasligini ta’kidlagan. Biroq bunday haydovchilar ishtirokidagi avtohalokatlar soni bo‘yicha keng qamrovli tadqiqotlar mavjud emasligi qayd etilgan.

AQSH Transport departamenti avvalroq tijorat haydovchilari uchun ingliz tilini bilish talabi va xorijiy fuqarolarning CDL olish jarayonlarini qayta ko‘rib chiqishga qaratilgan choralarni ilgari surgan edi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHda so‘nggi yillarda yirik yuk mashinalari ishtirokidagi halokatli avtohalokatlar kamaygan. Shu bilan birga, yuk tashish sohasi haydovchilar yetishmovchiligi bilan yuzlashmoqda.

Ta’kidlanishicha, immigrantlar ushbu sohada muhim ishchi kuchlaridan biri hisoblanadi. Shu sababli ularning CDL olish imkoniyatlarini cheklash bo‘yicha avvalgi tashabbuslar ham tanqid va huquqiy bahslarga sabab bo‘lgan.
Hozircha Tramp ma’muriyati mazkur rejani qanday amalga oshirishi bo‘yicha batafsil ma’lumot bermagan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 iyul kuni AQSHning Ogayo shtatida yuz bergan avtohalokatda o‘zbekistonlik yuk mashinasi haydovchisi Behzod Asrorov ayblanayotgan edi. U sud majlisida tarjimon orqali muloqot qilgan, biroq 2024 yilning kuzida Ogayo shtatida tijorat haydovchilik guvohnomasi (CDL) olgan. Mazkur holat haydovchilarning ingliz tilini bilishi va CDL talablari bo‘yicha muhokamalarni kuchaytirgan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing