Tramp Xomanaiyga yadro bitimi uchun muddat belgiladi – OAV
Olam
−
20 mart 4070 3 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyga maktub yo‘llab, yangi yadro kelishuvi tuzish uchun ikki oylik muddat belgilaganini ma’lum qildi. Bu haqda “Axios” xabar berdi.
Nashr xabariga ko‘ra, Trampning Xomanaiyga yo‘llagan maktubi keskin tonda yozilgan bo‘lib, unda Eron bilan yangi yadro bitimi bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish taklif qilingan. Shuningdek, agar Tehron ushbu taklifni rad etsa va yadro dasturini rivojlantirishda davom etsa, yomon oqibatlar bo‘lishi haqida ogohlantirilgan.
AQSH Prezidenti “butun umr” davom etadigan muzokaralarni xohlamasligini bildirgan va ikki oylik muddat belgilagan. Nashrga ko‘ra, ushbu muddat qachondan boshlab hisoblanishi aniq emas – bu maktub yuborilgan kundan yoki ikki davlat o‘rtasida muzokaralar boshlangan vaqtdan boshlab hisoblanishi mumkin. Agar Tehron Vashington shartlarini qabul qilmasa, AQSH yoki Isroil Eronning yadro ob’ektlariga harbiy zarba berishi ehtimoli ortishi mumkin.
Oldinroq Tramp “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida ilk bor ushbu maktubni yuborganini ma’lum qilgan. Oradan bir kun o‘tib, AQSH Prezidenti Eron bilan munosabatlar “oxirgi chegaraga yetib kelganini” va Islom Respublikasiga yadro quroliga ega bo‘lishga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirdi. Tramp mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni afzal ko‘rishini aytgan bo‘lsa-da, “boshqa variant muammoni hal qiladi”, deya ogohlantirdi.
“Axios” nashrining yozishicha, Ali Xomanaiy Trampning muzokaralar taklifini aldov deb atagan. Eron yetakchisining fikricha, AQSH Prezidenti xalqaro hamjamiyatga Eron muzokaralardan bosh tortayotgani haqida tasavvur uyg‘otishga urinmoqda. Xomanaiy AQSH bilan muzokaralarni qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidlagan, biroq keyinchalik Eronning BMTdagi vakillari bunday uchrashuvlar istisno etilmasligini bildirgan.
Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Mayk Uolts esa Eron butun yadro dasturidan, jumladan, raketalar, qurol ishlab chiqarish va uranni boyitish jarayonidan voz kechishi kerakligini aytdi. Aks holda Tehron bir qator yomon oqibatlarga duch kelishi mumkin. Uolts, shuningdek, Eron uchun muqobil yo‘l taklif qilinganini ta’kidlagan.
So‘nggi to‘rt yil ichida Eronning yadro dasturi sezilarli darajada rivojlangan. U mamlakat yadro qurolini yaratishga yaqin turibdi. Xalqaro atom energiyasi agentligi (MAGATE) ma’lumotlariga ko‘ra, Eron hozirda 60 foizgacha boyitilgan uran zaxirasiga ega bo‘lib, agar u 90 foiz darajasiga yetkazilsa, olti dona yadro bombasini yaratish uchun yetarli bo‘lishi mumkin. Tehron esa yadro quroli yaratishga intilayotganini qat’iyan inkor etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Birlashgan Arab Amirliklari (BAA) Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning maslahatchisi Anvar Gargash Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi bilan uchrashib, unga AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiyga yo‘llagan maktubini topshirgani xabar qilingandi.
Live
Barchasi