Tramp Xomanaiy o‘ldirilganini e’lon qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Eron Oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilganini e’lon qildi. Bu haqda u o‘zining Trush Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.

“Tarixdagi eng yovuz insonlardan biri bo‘lgan Xomanaiy vafot etdi. Bu nafaqat Eron xalqi uchun, balki barcha buyuk amerikaliklar hamda dunyoning ko‘plab mamlakatlarida Xomanaiy va uning qonxo‘r bosqinchi to‘dasi tomonidan o‘ldirilgan yoki mayib qilingan insonlar uchun ham adolat tantanasidir. U bizning razvedkamiz va o‘ta yuqori texnologiyali kuzatuv tizimlarimizdan qochib qutula olmadi. Isroil bilan yaqin hamkorlikda amalga oshirilgan ishlardan so‘ng, na uning va na u bilan birga o‘ldirilgan boshqa rahbarlarning qo‘lidan biror narsa kelmadi.

Bu Eron xalqi uchun o‘z mamlakatini qaytarib olish uchun yagona va eng buyuk imkoniyatdir. Bizga yetib kelayotgan xabarlarga ko‘ra, ko‘plab Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi a’zolari, harbiylar hamda boshqa xavfsizlik va politsiya kuchlari endi jang qilishni xohlamayaptilar va bizdan daxlsizlik so‘rashmoqda. Kecha kechqurun aytganimdek: “Hozir ular daxlsizlik olishlari mumkin, keyin esa faqat o‘lim topadilar!”

Umid qilamanki, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi va politsiya Eron vatanparvarlari bilan tinch yo‘l bilan birlashadi va mamlakatni o‘zi loyiq bo‘lgan buyuklikka qaytarish uchun bir jamoa bo‘lib mehnat qiladi. Bu jarayon tez orada boshlanishi kerak, chunki nafaqat Xomanaiyning o‘limi bilan, balki butun mamlakat atigi bir kun ichida juda katta vayronaga aylandi, hatto yer bilan yakson qilindi. Biroq aniq nishonga olingan kuchli bombardimonlar butun hafta davomida yoki Yaqin Sharqda va aslida butun dunyoda tinchlikka erishish maqsadimiz amalga oshmaguncha to‘xtovsiz davom etadi! Ushbu masalaga e’tiboringiz uchun rahmat. Prezident Donald J. Tramp”, deb yozdi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Reuters” isroillik yuqori lavozimli shaxsga tayanib, Oyatulloh Ali Xomanaiy o‘ldirilgani, uning jasadi topilib, surati Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxuga ko‘rsatilgani haqida xabar bergan edi. Biroq hali bu xabar Eron tomonidan tasdiqlanmadi.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp Oyatulloh Ali Xomanaiy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing