Tramp Xitoyni Uxan laboratoriyasidagi dalillarni yo‘q qilganlikda aybladi

Olam

image

AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Xitoy hukumati Uxan shahridagi laboratoriyadan yangi turdagi koronavirus tarqalishining taxminiy dalillarini allaqachon yo‘q qildi, deb hisoblaydi. Bu haqda u “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tgan.  

Oq uy sobiq rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u dastlab COVID-19 Xitoy laboratoriyasidan tarqala boshlaganiga ishongan. 

“Bu tasodif emas deb ishonadiganlar bor”, degan Tramp. 

Suhbat davomida siyosatchidan, uning fikriga ko‘ra, koronavirusning kelib chiqish holatlarini aniqlashtirish bo‘yicha ishlar muvaffaqiyatli o‘tish-o‘tmasligi haqida ham so‘rashgan. Amerikaning sobiq rahbari bunga javoban: 

“Hozir kech. Men dalillarga jiddiy zarar yetkazilganiga ishonaman”, deya ta’kidlagan. 

Avvalroq, olimlar tomonidan o‘tkazilgan sinovlar natijasi COVID-19 2019 yil dekabr oyida AQSHda paydo bo‘lganini ko‘rsatgandi.  

Ma’lumot uchun, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti mart oyida koronavirusning kelib chiqishini aniqlash uchun Uxan shahriga tashrif buyurgan xalqaro ekspertlar hisobotining to‘liq versiyasini e’lon qildi. Unda virusning yangi turi odamlarga boshqa hayvon orqali yuqganligi yozilgan. 

Shuningdek, koronavirusning laboratoriyadagi tajribalar natijasida kelib chiqqani to‘g‘risidagi farazlar ham mavjud. Yana bir taxminda esa kasallik sovutilgan ovqatlar bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligi aytilgan. 

Amerika Qo‘shma Shtatlari va yana 13 mamlakat JSST missiyasining xulosalaridan ko‘ngli to‘lmaganini bildirib, bayonot bergan. Ular koronavirus kelib chiqishi to‘g‘risida shaffof tergov o‘tkazilishi zarurligini ta’kidlagan. AQSH razvedkasi virusni odamga hayvondan va laboratoriyadan yuqqani to‘g‘risidagi taxminlarni ilgari surib keladi.


Maqola muallifi

Teglar

Xitoy Tramp

Baholaganlar

77

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing