Tramp Xitoy mahsulotlariga yangi bojlar joriy qildi

Olam

image

AQSH Prezidenti Donald Tramp Xitoydan keltirilayotgan ayrim mahsulotlar uchun bojlar joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmati xabar berdi.

Farmonda aytilishicha, boj undirilmaydigan Xitoy tovarlaridan endi bunday maqom olib tashlanadi, endilikda ularga ham 10 foizlik bojlar joriy etiladi.

“Xitoydan olib kelinayotgan ayrim tovarlar uchun bojsiz rejim Prezident tomonidan tizimlar bojlarni to‘liq va samarali undirishga tayyorligi to‘g‘risida xabar berilgandan so‘ng bekor qilinadi”, deyiladi farmonda.

Oq uy saytida e’lon qilingan hujjat matniga ko‘ra, bu Xitoydan Amerikaga kirib kelayotgan giyohvand moddalarga qarshi kurashish uchun zarur.

OAVning xabar berishicha, oldinroq Tramp Xitoyni AQSHga giyohvand moddalar yetkazib berishni osonlashtirganlikda ayblagan. Pekin esa Vashingtonning barcha ayblovlarini rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 fevral kuni Xitoy hukumati bir qator Amerika tovarlariga boj joriy etilishini e’lon qilgandi. Pekinning ushbu qarori AQSHning yangi ma’muriyatining Xitoydan keladigan tovarlarga bojlarni oshirish rejalariga javob bo‘lgan. Xitoy Savdo vazirligi ko‘mir va suyultirilgan gazga 15 foizlik, shuningdek, neft xomashyosi, qishloq xo‘jaligi texnikasi va bir qator transport vositalariga 10 foizlik boj to‘lovi joriy etilishini e’lon qilgandi. Vazirlik o‘z qarorini izohlar ekan, AQSHning “bir tomonlama tariflarni oshirishi Jahon savdo tashkiloti qoidalarini jiddiy buzayotganini” ta’kidlab, “Xitoy va AQSH o‘rtasidagi normal iqtisodiy va savdo hamkorligiga zarar yetkazayotganini” ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Donal'd Tramp Xitoy boj

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing